O‘zbekistonda QQS 15 foizdan 12 foizga tushiriladi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2021
93152023 yildan boshlab O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga tushiriladi. Bu haqda amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 sentyabr kuni o‘tayotgan O‘zLiDePning X s’ezdida ma’lum qildi.
“2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Endi, zarur tayyorgarlik ishlarini ko‘rgan holda 2023 yildan boshlab ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz”, deydi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev 2026 yil yakunigacha kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarga oydinlik kiritdi. Unga ko‘ra:
• kelgusi yili korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi;
• 2023 yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi;
• hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi har xil bo‘lib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil bo‘ladi.
“Tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettiramiz”, deydi Prezident.