O‘zbekistonda qaysi viloyat abituriyentlari ko‘proq talaba bo‘layotgani ma’lum qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov DTM ma’lumotlariga asoslanib qaysi viloyat abituriyentlari ko‘proq talaba bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi. 

Unga ko‘ra, umumiy abituriyentlar sonidan talabalikka tavsiya etilganlarining ulushi Buxoroda 20,1 foizni, Navoiyda 17 foizni, Xorazmda 14,3 foizni, Qoraqalpog‘istonda 13,6 foizni, Toshkent shahrida 13,4 foizni, Farg‘onada 12,2 foizni, Samarqandda 11,8 foizni, Namangan viloyatida 11,6 foizni, Qashqadaryoda 11,3 foizni, Toshkent viloyatida 10,2 foizni, Sirdaryoda 9,9 foizni, Jizzaxda 9,5 foizni, Andijonda 8,2 foizni, Surxondaryoda 7,8 foizni tashkil etmoqda.  

Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu reytingda Buxoro viloyati yuqori o‘rinni egallashi sabablariga to‘xtalib, shunday yozdi:

“Buxoro viloyatida o‘qituvchiga bo‘lgan o‘ziga xos hurmat saqlanib qolingani tufayli boshqa viloyatlarga nisbatan ta’lim sifatining ancha yuqori ekanini ko‘rsa bo‘ladi.

DTMdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun xujjat topshirgan abituriyentlarning imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga tavsiya etilgan ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatgichga ega viloyat bu Buxorodir: 20%! Respublika bo‘yicha o‘rtacha esa atigi 11%.

Shu o‘rinda, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan Qorako‘l tumanidagi matematika bo‘yicha mashhur maktab (1-IDUMI) haqida alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdim. Maktab tashqaridan oddiygina ko‘rinsa-da, u o‘quvchilari erishgan muvaffaqiyatlari orqali alohida tahsinga loyiqdir. Maktab direktori va o‘qituvchilari bilan suhbat davomida ushbu ta’lim maskani erishgan muvaffaqiyatlarning bir qator sabablari aniqlandi:

1) O‘z kasbiga fidoyi bo‘lgan ustozlar. 


1-IDUMI asoschisining shogirdi hozir direktor lavozimida ishlasa-da, o‘z ustozi haqida alohida ehtirom bilan so‘zlab berdi. Umuman, bu dargohda o‘qituvchiga bo‘lgan hurmat boshqa ta’lim muassasalariga qaraganda o‘zgacha. Buxoro viloyatining boshqa tumanlaridagi maktablarda ham ustozlarga bo‘lgan e’tibor sezilarli ravishda yuqori ekani diqqatimizni tortdi. Oddiy misol: ko‘rgan maktablarimizning deyarli barchasida faoliyat yuritgan ustozlar haqida maktab yo‘laklarida alohida stendlar joylashtirilgan va ularni yosh avlodga o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda. Natijada, ko‘pchilik yaxshi o‘quvchilar universitetni bitirib, o‘zlari o‘qituvchi bo‘lib, aynan o‘zlari bitirib ketgan maktablariga qaytmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida maktablardagi sifatni boshqalarga nisbatan yaxshiroq ushlashga imkoniyat yaratmoqda.

2) Tanlov imtihonlarining halol o‘tkazilishi natijasida eng kuchli o‘quvchilarni tanlanishi. 

Bilimli o‘quvchilarning tanlab olinishi natijasida bu yerda o‘ziga xos muhit shakllangan. Ya’ni bu dargohda kuchli o‘quvchilar yig‘ilgani sababli, ularni o‘qishga majbur qilishga hojat yo‘q. Ular orasidagi o‘zaro raqobat tufayli ta’lim sifati natijalari yanada yaxshilanib boraveradi.

3) Mahalliy hokimiyat yoki ota-onalar ushbu maktabning qabul imtihoniga aralashmasdan, balki halol o‘tkazilishiga yordam berishidir;

4) O‘quvchilar orasida qat’iy tartib intizom va o‘qituvchilarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi. 

Misol uchun, o‘quvchilar maktab hududida oddiy mobil telefonlardan foydalanishi qat’iyan taqiqlangan. Bu qoida nafaqat o‘quvchilar, balki, o‘qituvchilar uchun ham dars vaqtida qat’iy cheklangan. Direktor, hatto, ba’zida ataylab boshqa telefon raqamdan o‘qituvchiga telefon qilib, dars vaqtida o‘qituvchi telefondan foydalanyaptimi yo‘qmi tekshirib ko‘rarkan.

5) Direktor tomonidan anonim takliflar uchun quti o‘rnatilgan. Bundan tashqari, rahbar o‘qituvchilar va o‘quvchilarning takliflarini tizimli ravishda eshitib borar ekan. Bu esa maktab faoliyatini doimiy takomillashtirib borish uchun imkoniyat yaratadi.

Ushbu maktab salohiyatini yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimizdan uning negizida Xalqaro matematika maktabi tuzish bo‘yicha tashabbus bo‘ldi.

Buxoroning ta’limga bo‘lgan e’tiborining kuchli ekanini inobatga olib, Prezidentimiz tomonidan Birlashgan Arab Amirliklaridagi xalqaro maktablar tajribasini o‘rganish va yana bir shunday maktabni Buxoroda tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq bo‘ldi”, deb yozadi Shermatov.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Shermatov

Baholaganlar

74

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing