Mahalla tizimida qog‘ozbozlik tugatiladi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2023
11308Prezident Shavkat Mirziyoyev Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va boshqa mas’ullarga mahalla tizimida qog‘ozbozlikni yo‘qotish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda u kecha, 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini kuchaytirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Mahalla raisi degani o‘zining komandasi bilan xonadonlarga kirib odamlarning muammosini hal qilishi kerak. Mahallaga topshiriq ham, ulardan so‘rov ham ko‘p. Muallimning qancha qog‘ozi bor edi?
Yo‘q qildik-ku. Shifokor qancha qog‘ozni to‘ldirishi kerak edi?..
Hamma qog‘ozbozlikni yo‘qotadigan qarorni yozasiz. (Sherzod) Shermatov bilan birga hammasini raqamlashtirasiz. Qog‘oz umuman yo‘q bo‘lishi kerak mahalla tizimida”, degan Mirziyoyev yig‘ilishda.
Prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” platformalari o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda birlashtiriladi.
Shuningdek, mahalladagi beshlik (mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori) “Mahalla yettiligi”ga aylantirilishi qayd etilgan. Bunda ularning safiga soliqchi va ijtimoiy xodim ham kiritiladi.
Yettilikning vazifalari esa quyidagicha belgilandi:
- mahalla raisi ehtiyojmand oilalarga uy-joyini yaxshilashga ko‘maklashishi;
- hokim yordamchisi ishsizlarga ish topishga ko‘maklashishi;
- yoshlar yetakchisi yoshlarni sport, musiqa va to‘garaklarga jalb etishi;
- xotin-qizlar faoli ayollarni tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikka jalb qilishi;
- soliq xodimi mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashishi;
- ijtimoiy xodim yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish kabi aniq vazifalar bilan shug‘ullanishi lozim.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi