O‘zbekistonda iyuldan Volkswagen Caddy avtomobili ishlab chiqarilishi boshlanadi

Jamiyat

image

Jizzax viloyatida iyul oyidan boshlab 7 o‘rindiqli Volkswagen Caddy avtomobili ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda "O‘zavtosanoat" Matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 45 gektar maydonda joylashgan zavodning qurilish ishlari yakuniy bosqichida turibdi. Zavod va ofisning asosiy qismi binolari bitkazildi va foydalanish uchun tayyor.

Yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish jarayonini jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonga Volkswagen Caddy avtomobillarining bir qismi keltirilib, ular sertifikatsiya bo‘yicha vakolatli organlarga iqlim sinovlari va omologatsiya bo‘yicha maxsus tekshiruvlardan o‘tkazish uchun topshirildi. Hozirda "O‘zstandart" agentligi tomonidan sertifikatsiyalash va transport vositalarining amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash, jumladan sertifikatsiyalovchi organ tomonidan nazorat iqlim tekshiruvlari va Umumiy texnik reglament talablariga binoan boshqa sinovlarni o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida "Jizzax Avto" MCHJ tomonidan "Volkswagen" dilerlik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida respublika hududlaridagi qator dilerlik korxonalar hamkorlik qilish uchun tanlab olindi. Volkswagen Caddy rusumli avtomobillar savdosi shu yilning iyul oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Volkswagen Caddy - 7 o‘rindiqli (5-o‘rindiqli ko‘rinishi ham mavjud) yo‘lovchi va yuk miniveni. Avtomobil ham biznes yuritishga, ham oilaviy foydalanish uchun to‘g‘ri keladi. Tejamkor va texnologik (MPI) dvigatel 1,6 litr quvvatga ega, benzinda ishlaydi. Yoqilg‘i sarfi – shaharda 100 km.ga 9,3 litr, trassada 100 km.ga 6,1 litr.

Ma’lumot uchun, joriy yilning mart oyida "O‘zavtosanoat" AJ va "Folksvagen Grup Rus" konserni o‘rtasida "Jizzax Avtomobil Zavodi" MCHJ kompaniyasi bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

 

Maqola muallifi

Teglar

O'zavtosanoat Volkswagen

Baholaganlar

565

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing