O‘zbekistonda bolalarni Mehribonlik uyiga topshirish xorijga qaraganda ikki baravar ko‘p – UNICEF

Jamiyat

image

Bolajon O‘zbekistonda norasidalarni bolalar uyiga tashlab ketish holatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda ikki baravar ko‘p. Mehribonlik uylaridagi bolalarning asosiy qismini ikki yoshgacha bo‘lgan go‘daklar tashkil etmoqda. Bu haqda UNICEF'ning hisobotida aytilgan.

UNICEF tadqiqotiga ko‘ra, bolalar asosan kambag‘allik, oilaviy muammolar, migratsiya va ajrim sabab internatlarga joylashtiriladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston internatlarida 2018 yilda jami 26 532 nafar bola tarbiyalangan va ularning aksariyati nogironligi bor bo‘lgan bolalardir.

“Bolada nogironlik yoki oilada moddiy muammolar bo‘lsa, ota-onalari ularni internatlarga topshirishadi. Bunda bola oila sharoitida katta bo‘lish huquqidan mahrum bo‘ladi. Bolani oiladan ajratgandan ko‘ra, bunday oilalarga moddiy yordam ko‘rsatgan yaxshi”, deydi O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har 100 ming bola soniga internatlarda tarbiyalanayotgan bolalar soni 255 nafarni tashkil qiladi. Bu dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning katta qismi 7-17 yoshlarda. Ammo eng ko‘p ota-onasiz qolganlar 2 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar.

“Bolalarini internatlarga joylashtirayotgan ota-onalar bolam u yerda hamma narsa bilan ta’minlanadi, deb ishonadi. Aslida bunday emas. Internatda bola jamiyatdan ajralib, ruhiy va madaniy tarbiyadan ortda qolib katta bo‘ladi”, deydi O‘zbekiston Senatining Yoshlar, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova.

UNICEF shu sababdan Toshkent viloyatidagi bolalar uylarida tarbiyalanuvchilar haqida ma’lumot to‘plash va saralash ustida tadqiqot boshlagan. Ushbu tadqiqot O‘zbekistondagi bolalar tarbiyasi tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar berishga qaratilgan.

Bunday o‘zgarishlar qatoriga, oilani saqlab qolish choralari bilan bir qatorda, bolani uy sharoitida tarbiyalash uchun “qo‘shimcha yordam dasturlari”, “yordam paketlari” ham ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Maqsad – kelajakda bunday internatlar sonini kamaytirish, har bir bola uchun individual “yordam paketi” ishlab chiqish va imkon qadar bolani oila sharoitida tarbiyalashni saqlab qolishdir.

"Bu borada UNICEF O‘zbekiston Prezidentning yangi internatlar yaratishni taqiqlash, bola tarbiyasi sohasini isloh qilish, internatlardagi bolalarni bosqichma-bosqich oilalarga qaytarish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi", deyiladi tashkilot xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

Ushbu hujjatlar bilan Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarga 18 yoshgacha pul to‘lanishi, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat OTMlarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanishi hamda ularga uy berilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyida bo‘lib, u yerda tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashgandi. Ushbu suhbatni QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar uyi UNICEF

Baholaganlar

166

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing