“Sanjik” mojaroli hovlini bolalar uyiga hali bermagani aytildi
3-sahifa
−
27 Oktabr 10134 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahrida bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan qizning hovlisini sotib yuborgani va ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Sanjik” (Sanjar Karimov) turli muhokamalardan so‘ng 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmagan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 24 oktyabr kuni Sanjar Karimov 22-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, mazkur uyini tekin foydalanishga berish niyati borligi haqida ariza qoldirgan. Suhbat davomida muassasa direktori blogerga Mehribonlik uylari to‘liq davlat ta’minotida bo‘lib, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan belgilangan tartibda uy-joy, ovqatlanish, kiyim-kechak, ta’lim va tibbiy xizmat bilan ta’minlanishini aytgan. Shuningdek, turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlar taqdim etilmagan.
“22-sonli Mehribonlik uyi respublikada saqlanib qolgan shunday turdagi ikkita muassasadan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda 10 dan ortiq shunday muassasalar tugatilgan bo‘lib, ulardagi bolalar taxminan 300 ta oilaviy bolalar uylariga joylashtirilgan. Bu uylarida bolalar oila muhitiga yaqin sharoitda – vasiylik, g‘amxo‘rlik yoki qabul qilingan oilalarda tarbiyalanmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tizim vasiylik masalalari Agentlik tasarrufiga o‘tgach, islohotlar “go‘daklar uylari”da ham boshlangan. Agar ilgari ularning soni 10 tadan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, bugun mamlakatda atigi 4 ta shunday muassasa qolgan, asosiy e’tibor esa go‘daklarni oilalarga joylashtirishga qaratilmoqda.
“Agentlik bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday ezgu tashabbuslarga hurmat bilan qaraydi. Biroq shuni ta’kidlash joizki, davlat muassasalariga ko‘chmas mulk yoki boshqa moddiy yordam shakllarini topshirish zarur emas, chunki ularning faoliyati to‘liq davlat byudjeti hisobiga ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bugun bolalarni himoya qilish sohasidagi davlat siyosati bolalar uylari tizimidan asta-sekinlik bilan oilaviy tarbiya shakllariga o‘tishga qaratilgan. Bu orqali har bir bola muhabbat va g‘amxo‘rlik muhitida – oilada, vasiylikda yoki g‘amxo‘rlikda voyaga yetishi uchun sharoit yaratiladi. Bu esa zamonaviy, insonparvar yondashuvni ifodalaydi, uning markazida bola huquqlari va farovonligi turadi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Sanjik”ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
Barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi doirasida sud jarayonlari boshlangan.
Live
Barchasi