“Sanjik” suddan chiqarib yuborildi. Advokatlar muhim detallar hisobga olinmaganidan norozi
Tahlil
−
19:43 3196 6 daqiqa
Joriy yilning 25 sentyabrida Sanjar Karimov ishi bo‘yicha olib borilayotgan sud jarayonlarining muzokaralar qismi bo‘lib o‘tdi. Tarkib ham, tafsilotlar ham o‘zgarmagan, yagona o‘zgargan narsa – sudyalar hay’ati endi himoyachilarning iltimosnomalarini emas, ikki tomonning muzokara nutqlarini tingladi.
Bu galgi sudning avvalgilaridan yana bir farqi – sudlanuvchi Karimov sud jarayonlari davom etayotgan vaqtda raislik qiluvchining qarori bilan sud zalidan chiqarib yuborildi. Bunga sabab esa jabrlanuvchi ayolga so‘z berilgan vaqtda u minbarga chiqqanida yig‘lab yuborgani uchun oyna ortida o‘tirgan Karimov ayolga “teatr qo‘ymang” mazmunidagi gapni aytgani bo‘ldi. Raislik qiluvchi bu holatni sudga nisbatan hurmatsizlik, deya baholadi va sudlanuvchini sud jarayonlaridan chetlatdi.
“Bilasizlar, sud majlisi o‘tkazishning o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Bu tartiblar Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qo‘yilgan.
Sudlanuvchi avvalgi sud majlislarida bir emas, ikki marta sud majlisini o‘tkazish tartibini buzgan. Ikkinchi holatda raislik etuvchi tomonidan unga qat’iy ogohlantirish berilgan va agar uchinchi marta ham shunday tartibsizlikka yo‘l qo‘yilsa, ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirilgan.Bugun esa, ko‘rib turganingizdek, sudlanuvchi tomonidan yana sud majlisidagi tartib buzildi. U sudga nisbatan hurmatsizlikni ochiq namoyon qilganidan so‘ng, avvalgi ogohlantirishni inobatga olgan holda, raislik etuvchi tomonidan sudlanuvchi sud zalidan chiqarib yuborildi”, – deya holatga izoh berdi Tusrunali Akbarov.
Sud jarayonlarining navbatdagi qismi yakunlangach, sudlanuvchining advokatlaridan biri bo‘lgan Mansur Abduraimov ba’zi fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining joriy yil 8 may kuni chiqargan hukmi muhokama qilinmoqda. Bu yerda gap ayblov xulosasi haqida emas. Ayblov xulosasi asosida sud hukmi chiqarilgan. Hozir Sanjar Karimov sud hukmi asosida jazoni o‘tamoqda.Sud hukmi bo‘yicha men hozir o‘z fikrimni aytdim. Jinoyat-protsessual kodeksining 463-moddasida aytiladiki, sud hukmi sud majlisida aniqlangan, tekshirilgan va baholangan dalillarga asosan chiqariladi.Endi yana bir muhim masala bor. Jinoyat-protsessual kodeksining 467-moddasi mavjud. Sud hukmining kirish, tavsif va yakuniy qismlari bo‘ladi. 467-moddada sudning o‘z xulosalarini bayon qiladigan qismida nimalar ko‘rsatilishi kerakligi belgilangan.
Ya’ni, jinoyat sodir etilganmi, jinoyat sodir etilishida aynan shu shaxs ishtirok etganmi, agar ishtirok etgan bo‘lsa, bu holat qaysi asosli va tekshirilgan dalillar bilan tasdiqlangan – ana shu masalalar ko‘rsatiladi. Dalillar ishga aloqadorligi, ishonchliligi va maqbulligi nuqtai nazaridan baholanadi. Sud aynan shu baholangan dalillarga asoslanib, o‘z xulosalarini bayon qiladi.
Endi, men aytmoqchi bo‘lgan narsa shuki, advokat sud hukmiga baho bermaydi. Advokat sud hukmini tekshirishi, undagi holatlarni ko‘rib chiqishi va tahlil qilishi mumkin. Himoyachi o‘zining huquqiy nuqtai nazaridan kelib chiqib, sud hukmida Jinoyat-protsessual kodeksi va amaldagi qonunlarga zid bo‘lgan jihatlarni ko‘rsatib beradi.
Biz hozir boshqa katta epizodlarga qaytmaymiz. Aynan mana shu epizod, ya’ni uchinchi epizod haqida gapiryapmiz.
Sanjar Karimovga qo‘yilgan ayblovda aytilishicha, tergov harakatlari davomida kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, o‘zi istiqomat qilib kelgan Markaz-1 dahasi, 29-uy, 13-xonadondagi ofis stolining tortmasida “Parlament” tamaki mahsuloti qutisi ichidan polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli, mumsimon modda, 10 ming so‘mlik kupyuraga o‘ralgan modda, 200 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan modda, oq qog‘ozga o‘ralgan yashil rangli, o‘tkir hidli, o‘tsimon modda hamda sig‘imi 0,5 litr bo‘lgan, ustki qismi zar qog‘oz bilan qoplangan va chekish uchun mo‘ljallangan “baklajka” topilgani ko‘rsatilgan.Endi mana shu sud hukmida savol tug‘iladi: Xo‘p, bu qutining ichidan topilgan modda nima ekan?
Polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli, mumsimon modda nima? “Nasha”mi, “marixuana”mi, “gashish”mi, “opiy”mi? Aynan qanday giyohvandlik vositasi ekani haqida savol tug‘iladi.
Keyingi savol esa – agar uning nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, miqdori qancha? Chunki “ozginadan ko‘proq miqdor” degan tushuncha har bir giyohvandlik vositasiga nisbatan alohida belgilanadi. Masalan, bir turdagi moddaning ozginadan ko‘proq miqdori boshqa turdagi giyohvandlik vositasining miqdoriga tenglashtirilmaydi.
Shu sababli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli tartib belgilangan bo‘lib, unda giyohvandlik vositalarining nomi va ularning qaysi miqdori qanday toifaga kirishi ko‘rsatilgan. Masalan, ayrim moddalar uchun oz miqdor 0,2 gramm bilan 2 gramm oralig‘ida bo‘lishi mumkin, boshqa moddalar uchun esa bu ko‘rsatkich mutlaqo boshqacha bo‘ladi.
Shuning uchun sud hukmida aynan shu masala aniqlanmagan. Agar aniqlangan bo‘lsa ham, hukmda bu haqda ko‘rsatilmagan.
Mana shu uchinchi epizod bo‘yicha sodir bo‘lgan voqeaning batafsil bayoni ham to‘liq keltirilmagan. Agar moddaning turi ham, miqdori ham ko‘rsatilmagan bo‘lsa, unda Sanjar Karimov nega o‘tiribdi?
Birinchi instansiya sudida ushbu ishda qatnashgan tezkor xodimlar, ekspertlar so‘roq qilingan. Ekspert sudda shuni aytgan: “Haqiqatda, narkotik modda ekspertizaga taqdim etilgan, lekin uning tarkibida tamaki moddasi ham bor ekan. Men uni ajrata olmadim, tarkibidan alohida ajratib olishning imkoni bo‘lmadi, shu sababli ekspertizaga qanday taqdim etilgan bo‘lsa, shundayligicha tekshirganman”, degan mazmunda ko‘rsatma bergan.
Sud esa bu holatni hukmda to‘liq yoritmagan. Ekspertning ko‘rsatmasi keltirilgan, lekin unga huquqiy baho berilmagan.Aynan shuning uchun sudning “aniqladim” deb bayon qilgan qismida o‘zi aniqlashi lozim bo‘lgan holatlar ham ko‘rsatilmagan. Ya’ni sud narkotik moddaning nomini ham, miqdorini ham aniq ko‘rsatmagan.
Lekin negadir Sanjar Karimovning harakatlari Jinoyat kodeksining 273-moddasi ikkinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilingan.Avvalo, biz u yerda aynan qanday narkotik modda borligini va uning miqdorini aniqlab olishimiz kerak. Shundan keyingina uni o‘tkazish maqsadi bo‘lgan-bo‘lmaganligi masalasini ko‘rib chiqish mumkin.Lekin sud, aksincha, shu xulosaga kelgan.
Endi biz 21 avgust kuni apellyatsiya sudi tergovni qayta tiklagan paytda, mana shu masalalarga oydinlik kiritiladi, deb o‘ylagan edik. Bundan oldin ham boshqa advokatlar tomonidan bir necha marotaba iltimosnomalar kiritilgan. Sizlar ham buni yoritdingiz.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida esa “Nega shuncha – o‘nta iltimosnoma?” degan savol tug‘ilmoqda.
Mana shu iltimosnomalarning asosiy maqsadi ham aynan shu masalaga aniqlik kiritish edi. Ya’ni ekspertni chaqirish kerakmi, ishda qatnashgan tezkor xodimlarni chaqirish kerakmi, dalillarning maqbulligiga huquqiy baho berish kerakmi – mana shu masalalar ko‘tarilgan.Lekin sud bu iltimosnomalarni rad etdi.
Endi sud mana shu hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligiga baho berish jarayonini yakunlamoqda. Hozir sud maslahatxonaga kiradi. Maslahatxonaga kirganidan keyin ushbu hukm yuzasidan o‘z ajrimini chiqaradi.
“Endi uning natijasini ko‘ramiz”, deydi advokat Mansur Abduraimov.
Shunday qilib, yakuniy bosqichiga yetib kelgan sud 28 sentyabr sanasiga qadar tanaffus e’lon qildi.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi