“Sanjik” ishida kutilmagan burilish: sudga maxsus flesh-karta berildi
3-sahifa
−
15:01 9670 3 daqiqa
Kecha, 22 avgust kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgan “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimovga doir jinoyat ishi yuzasidan sud tergovi va muzokaralar yakuniga yetib, sudlanuvchining oxirgi so‘zi eshitildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi oxirgi so‘zida ish uchun muhim ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi dalilni (flesh-xotira qurilmasi hamda undagi ma’lumotlarga oid stenogramma) sudlov hay’atiga taqdim qilgan.
Shundan kelib chiqib, sudlov hay’ati Jinoyat-protsessual kodeksining 452-moddasiga (sud tergovini yangidan boshlash) asosan, taqdim qilingan dalillarni tekshirish, ulardagi ma’lumotlarni ishdagi mavjud boshqa dalillar bilan o‘zaro solishtirish va huquqiy baho berish, shuningdek, advokatlarning sud muzokaralarida keltirgan vajlarini qaytadan o‘rganish maqsadida sud tergovni yangidan boshlashni lozim topdi hamda tegishli sud ajrimi chiqarilgan.
Shu munosabat bilan sud ishida tanaffus e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Sanjar Karimovga oid ish ko‘rib chiqilib, u sud hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
U Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari – 112-modda (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-modda (firibgarlik) 4-qismi, 273-moddaning (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar sodir etishda ayblangan.
“Real Sanjik” ishi
Ikki yil oldin “Real Sanjik” bilan bog‘liq boshqa ish omma e’tiboriga tushgan edi, ya’ni 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan, biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Real Sanjik”ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
2025 yilning 21 noyabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Unga ko‘ra, Sh.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Holat jamoatchilik e’tiboriga tushgach, ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Real Sanjik” 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa, bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qildi.
Ushbu voqealar fonida, 2025 yilning 28 noyabr kuni u Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi