“Sanjik” ishi bo‘yicha sud yakunlandi
3-sahifa
−
15:41 8806 3 daqiqa
Bugun, 7 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovning appelyatsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Biroq hukm e’lon qilinishi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri sud zalidan xabar berdi.
Joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan firibgarlik, o‘ldirish bilan tahdid qilish va giyohvandlik vositalari muomalasiga oid moddalar bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sanjar Karimovning apellyatsiya ishi doirasidagi sud jarayoni yakunlandi. Sudda Sanjar Karimov so‘nggi so‘zini aytdi. Shuningdek, sudda u yana bir bor aybi yo‘qligini bildirdi.
“Men bir narsani – adolatni kutyapman. Ushbu sud jarayonini butun MDHdagi yashaydigan o‘zbek diasporamiz, Amerikada yashaydigan diasporamiz qanchalik adolatli hukm chiqadi, deb ko‘rib turibdi. Birorta inson men qanaqadir bir milligram narsani chegaradan o‘tkazish, sotish maqsadim borligiga ishonmaydi. Men vaholanki, 240 ming dollardan voz kechgan inson 400 ming so‘mlik narsani kimga sotaman? Kimga uni tarqataman?” deydi u sud zalida jurnalistlarga.
Shu tariqa, sudyalar maslahatlashuvidan so‘ng hukm chiqarish noma’lum muddatga qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Sanjar Karimovga oid ish ko‘rib chiqilib, u sud hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Biroq Sanjar Karimov sud hukmi ustidan appelyatsiya tarzida shikoyat qildi. Shundan keyin, sud Toshkent shahar sudida davom etdi va ayblanuvchi tomoni sudga yangi dalillarni taqdim etdi.
“Real Sanjik” ishi
Ikki yil oldin “Real Sanjik” bilan bog‘liq boshqa ish omma e’tiboriga tushgan edi, ya’ni 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan, biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Real Sanjik”ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
2025 yilning 21 noyabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Unga ko‘ra, Sh.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Holat jamoatchilik e’tiboriga tushgach, ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Real Sanjik” 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa, bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qildi.
Ushbu voqealar fonida, 2025 yilning 28 noyabr kuni u Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi