Afg‘onistondagi zilziladan jabrlanganlarga 22 mln dollar kerak – BMT
Olam
−
10 Sentabr 3142 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Afg‘oniston uchun 22 million dollarlik olti oylik yordam rejasini taqdim etdi. Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ 400 ming kishiga, jumladan, Kunar va Nangahor viloyatlaridagi vayronkor zilzila jabr ko‘rgan 212 mingdan ortiq bolaga yordam berishga yetishi kerak. Ushbu hududlar Afg‘onistondagi borish eng og‘ir bo‘lgan joylar hisoblanadi. Tog‘li relef, yo‘llarning cheklangani va ayollar hamda qizlarning harakatlanishini cheklovchi an’anaviy me’yorlar gumanitar yordamni yetkazishni jiddiy qiyinlashtirmoqda. Shu munosabat bilan UNICEF ayol shifokorlar va ijtimoiy ishchi mutaxassislarni jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yordamdan xavfsiz va teng asosda foydalanishni ta’minlash uchun muhim.
“Geografik yakkalanish, infratuzilmaning sust rivojlangani va chuqur ildiz otgan ijtimoiy me’yorlar bu gumanitar operatsiyani biz duch kelgan eng murakkab vazifalardan biriga aylantirmoqda”, deydi BMT Bolalar jamg‘armasining Afg‘onistondagi vakili doktor Tojiddin Oyevali.
Shuningdek, u qiyinchiliklarga qaramay, UNICEF va hamkorlar ilk kunlardanoq ish boshlaganini bildirgan.
“Biz tibbiy yordam ko‘rsatmoqdamiz, toza ichimlik suvi, psixosotsial yordam va bolalar hamda ularning oilalariga zaruriy mahsulotlarni yetkazib berayapmiz. Ammo bu yetarli emas. Biz xalqaro hamjamiyatni ushbu odamlarni qo‘llab-quvvatlashga va qattiq qish kelmasidan bolalarni himoya qilishga yordam berishga chaqiramiz”, deydi Tojiddin Oyevali.
Qayd etish joiz, Afg‘onistonda 1 sentyabrga o‘tar kechasi 6,0 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Qolaversa, undan keyin 5,2 va 4,7 magnitudali ikki takroriy silkinish kuzatilgan. Zilzilaning epitsentri Jalolobod shahridan sharqda, taxminan 27 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hodisa oqibatida 2,2 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 3,6 mingdan ziyodi esa jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda yuz bergan kuchli zilziladan keyin ko‘plab qutqaruvchilar erkaklarga yordam ko‘rsatgan, biroq ayollarga yordam bermagani haqida xabar berilgan edi.