Afg‘onistondagi zilzilada ayollarga yordam berilmadi - NYT
Olam
−
07 Sentabr 10669 2 daqiqa
Afg‘onistonda yuz bergan kuchli zilziladan keyin ko‘plab qutqaruvchilar erkaklarga yordam ko‘rsatgan, biroq ayollarga yordam bermagan. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bunga ayollar va qarindosh bo‘lmagan erkaklar o‘rtasida jismoniy aloqaga qat’iy taqiq sabab bo‘lgan. Oqibatda ko‘plab ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan, hatto ayrimlari vayronalar ostida qolib ketgan.
Gazetaning guvohlarga tayanib yozishicha, “Tolibon” hatto favqulodda vaziyatlarda ham qat’iy rioya qiladigan madaniy qoidalar tufayli erkaklar ayollarni vayronalardan chiqarishga jur’at etolmagan. Faqat ayollar boshqa ayollarga yordam bera oladi, biroq ular yetib kelguncha ayrim jarohatlanganlar halok bo‘lgan, qon yo‘qotgan, vayronalar ostida qolib ketgan. Masalan, Kunar viloyatining Andarlukkak qishlog‘ida tezkor guruh yaralangan erkaklar va bolalarni olib chiqib, ularning yaralarini bog‘lagan, lekin qon ketayotgan ayollar va qizlarni chetga surib qo‘ygan.
Bir ko‘ngillining aytishicha, erkak tibbiy guruh a’zolari ayollarni vayronalar ostidan chiqarishni istamagan, oqibatda ular boshqa qishloqlardagi ayollarning kelishini kutishga majbur bo‘lgan.
“Tolibon” boshqaruvidagi cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sharaffat Zaman ham zilzila hududlarida ayol tibbiyot xodimlari yetishmayotganini tan olgan, biroq Kunar, Nangarhor va Lagman viloyatlarida ayol shifokor va hamshiralar soni ko‘p bo‘lib, ular zilzila qurbonlariga yordam berayotgani haqida ma’lumot bergan.
Qayd etish joiz, Afg‘onistonda 1 sentyabrga o‘tar kechasi 6,0 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Qolaversa, undan keyin 5,2 va 4,7 magnitudali ikki takroriy silkinish kuzatilgan. Zilzilaning epitsentri Jalolobod shahridan sharqda, taxminan 27 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hodisa oqibatida 2,2 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 3,6 mingdan ziyodi esa jarohat olgan. https://qalampir.uz/news/afgonistondagi-zilzila-k-urbonlari-2-2-mingdan-oshdi-123745
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyatiga hamdardlik bildirgandi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, bag‘rikenglik va hamdardlik ramzi sifatida Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatilayotgan bunday insonparvarlik yordami uchun chuqur minnatdorlik izhor etgan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr