O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 300 tonna shoshilinch yordam jo‘natdi

Jamiyat

image
AQSH Afg‘onistonga yordam bermayapti north_east

AQSH Afg‘onistonga yordam bermayapti

Joriy yilning 1 sentyabriga o‘tar kechasi Afg‘onistonning sharqiy hududlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, bag‘rikenglik va hamdardlik ramzi sifatida Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar ortilgan 300 tonnaga yaqin yuk O‘zbekiston xalqi nomidan Balx viloyatiga yetkazilgan. Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris hamda ikki tomon rasmiylari ishtirok etgan.

“Yuborilgan yordam tarkibidan un, guruch, shakar, tushyonka, makaron va qandolat mahsulotlari, yog‘, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh, qadoqlangan ichimlik suvi, 5 mingta yoping‘ich hamda 10 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlar o‘rin olgan”, deyiladi xabarda.

Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatilayotgan bunday insonparvarlik yordami uchun chuqur minnatdorlik izhor etgan.

Qayd etish joiz, AQSH Geologiya xizmati Jalolobod shahridan 27 km shimoli-sharqda, Pokiston bilan chegaradosh hududda 8 km chuqurlikda 6 magnitudali zilzila sodir bo‘lganini xabar qilgan edi. Mahalliy ma’murlar esa bu mamlakatda sodir bo‘lgan eng halokatli zilzilalardan biri bo‘lganini aytgandi.

Bu – “Tolibon” hukumati hokimiyatga kelganidan (2021 yil) beri yuz bergan uchinchi yirik zilzila. Xorijiy kuchlar chiqib ketgach, davlat moliyasining asosiy qismini tashkil etgan xalqaro yordam ham keskin qisqargan. Diplomatlar va yordam tashkilotlari butun dunyodagi boshqa inqirozlar hamda “Tolibon”ning ayollarga nisbatan siyosatlari (xususan, ayol xodimlarga qo‘yilgan cheklovlar) sabab moliyaviy ko‘mak qisqarganini aytishmoqda. Gumanitar yordam miqdori ham 2022 yildagi 3,8 milliard dollardan joriy yilda 767 million dollargacha kamaygan.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 2205 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 3640 nafarga yetgan. Zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Nur-Gul, Savki, Chapa-Dara va Manogi tumanlarida qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyatiga hamdardlik bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston insonparvarlik yordami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing