Dunyoda kam vaznli bolalardan ko‘ra, ortiqcha vaznlilar ko‘proq – UNICEF
Olam
−
11 Sentabr 2025 1980 2 daqiqa
Dunyoda semirib ketgan bolalar va o‘smirlar soni birinchi marta kam vazndan aziyat chekayotganlar sonidan oshib ketdi. Bu haqda UNICEF (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi) hisobotida e’lon qilindi.
Hisobotda aytilishicha, hozirda 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har o‘ninchi bola va o‘smir semizlik bilan aziyat chekmoqda, har beshinchi kishi ortiqcha vaznga ega. 2000 yildan beri bolalar o‘rtasida kam vazn ulushi 13 foizdan 9,2 foizgacha kamaydi, semizlik darajasi esa 3 foizdan 9,4 foizgacha ko‘tarilgan.
Semirib ketishning eng yuqori tarqalishi Tinch okeani mintaqasida qayd etilgan: Niueda – bolalar va o‘smirlarning 38 foizi, Kuk orollarida - 37 foizi, Nauruda – 33foizi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ham yuqoriligicha qolmoqda – Chilida 27 foiz, AQSH va BAAda 21 foiz. UNICEF’ning ta’kidlashicha, bunga an’anaviy oziqlanishni emulsifikatorlar, quyuqlashtiruvchi moddalar va sun’iy lazzatlar qo‘shilgan va maksimal darajada tozalangan ingrediyentlardan sanoat sharoitida ishlab chiqariladigan arzon yuqori kaloriyali mahsulotlar bilan almashtirish sabab bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, semirib ketish 2-toifa diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va saratonning ayrim turlarini rivojlanishiga olib keladi. Shu bilan birga, o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarining agressiv marketingi muammoni yanada kuchaytiradi: 170 ta davlatda so‘rovda qatnashgan yoshlarning 75 foizi hafta davomida shakarli ichimliklar, gazak yoki fastfud reklamalarini ko‘rganini, 60 foizi esa reklama ularning bunday mahsulotlarni sotib olish istagini oshirishini tan olgan.
UNICEF hukumatlarni bolalarni nosog‘lom oziq-ovqat ta’siridan himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar, jumladan, maktablarda tez tayyorlanadigan taomlarni sotish va reklama qilishni taqiqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy markalash, soliq mexanizmlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
“Aks holda, 2035 yilga borib, semizlikdan dunyoda jami iqtisodiy zarar yiliga 4 trillion dollardan oshishi mumkin”, deya ogohlantirmoqda ekspertlar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya ortiqcha vaznli bemorlarning ish joyiga qaytishiga yordam beradigan vazn yo‘qotuvchi dorini sinovdan o‘tkazishga tayyorlanyotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi