O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushining eng kichik qatnashchisi 78 yoshda. Qanday qilib?
Jamiyat
−
08 may 2023
32990O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilarining soni 174 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 6 may holatiga ko‘ra, urush hamda front orti qatnashchilarining 25 nafari 100 va 100 yoshdan oshgan. Umumiy hisobda ularning eng kichigi 78 yosh, eng kattasi esa 112 yoshdadir.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Joriy yil Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 78 yil to‘lmoqda. Qanday qilib eng yosh urush qatnashchisi 78 yoshda bo‘lishi mumkin?
QALAMPIR.UZ ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Mudofaa vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ular 1944 yilda Germaniyadagi konslagerda tug‘ilgan ayol hozirda Toshkent viloyatida yashashini va ayni paytda 78 yoshda ekanini ma’lum qildi.
Vazirlik har bir viloyatda qancha urush ishtirokchilari istiqomat qilayotgani haqida ham ma’lumot bergan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 3 nafar;
Andijon viloyatida – 6 nafar;
Buxoro viloyatida – 7 nafar;
Jizzax viloyatida – 6 nafar;
Qashqadaryo viloyatida – 10 nafar;
Navoiy viloyatida – 9 nafar;
Namangan viloyatida – 7 nafar;
Samarqand viloyatida – 10 nafar;
Sirdaryo viloyatida – 3 nafar;
Surxondaryo viloyatida – 8 nafar;
Toshkent viloyatida – 26 nafar;
Farg‘ona viloyatida – 19 nafar;
Xorazm viloyatida – 5 nafar;
Toshkent shahrida – 55 nafar.
Bundan ko‘rinib turibdiki, eng ko‘p urush qatnashchisi ayni damda Toshkent shahrida, eng kami esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Sirdaryo viloyatida istiqomat qiladi.