O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlar chiptalari 20 foizgacha arzonlashadi
Jamiyat
−
11:59 950 1 daqiqa
O‘zbekistonda ichki yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar narxi joriy yil 16 oktyabrdan boshlab o‘rtacha 20 foizgacha pasaytiriladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita Prezident Shavkat Mirziyoyev topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida aviatsiya bozoridagi tariflar, narxlarning shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rgangan.
O‘rganishlar davomida ichki aviaqatnovlar bilan bog‘liq tashish xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari tahlil qilinib, chiptalar narxini pasaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu takliflar tegishli yuqori instansiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bilan hamkorlikda ichki yo‘nalishlar tariflarini qayta ko‘rib chiqqan.
Ma’lum qilinishicha, narxlarning pasaytirilishi aholining aviaqatnovlardan foydalanishini qulaylashtirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim mobil aloqa operatorlari tarif narxlarini oshirishni rejalashtirayotgani ortidan Raqobat qo‘mitasi ushbu qarorlarning asosliligini o‘rganishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi