O‘zbekistonda gaz qazib olish va elektr ishlab chiqarish kamaydi
Jamiyat
−
27 mart
3172Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,2 foiz va neft qazib olish 12 foizga, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham qisqargan. Bu haqda 2025 yilning yanvar-fevral oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning dastlabki ikki oyida gaz qazib olish hajmi 7,37 mlrd kub metrni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan qariyb 329 mln kub metrga yoki 4,2 foizga, 2023 yilning mos davriga nisbatan esa 781 mln kubga qisqargan.
2022 yilda gaz qazib olish 53,8 mlrd dan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda 51,67 mlrd dan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga, 2024 yilda esa 46,71 mlrd dan 44,59 mlrd kub yoki 4,5 foizga qisqargandi. Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 118 ming tonnadan 105 ming tonnaga (-12 foiz), gaz kondensati ishlab chiqarish 214,7 ming tonnadan 192,6 ming tonnaga kamaygan.
Boshqa energiya manbalari – dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 123 ming tonnadan 74 ming tonnaga (-39 foiz), benzin ishlab chiqarish 241 ming tonnadan 189 mln ming tonnaga (-21 foiz) qisqargan. Aksincha, ko‘mir qazib olish 659 ming tonnadan 733 ming tonnaga (11 foiz) oshgan.
Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham kamaygan. Jumladan, o‘tgan yilning yanvar-fevral oylarida 14,56 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 14,06 mlrd kilovatt soatni tashkil etgan.
LiveBarchasi