O‘zbekistonda gaz balloni o‘rnatilgan 300 dan ortiq avtobus texnik sinovdan o‘tkazilmagan

Jamiyat

image

O‘zbekistonda gaz balloni o‘rnatilgan avtobuslar 2018 yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmasdan odam tashib yurgani ma’lum bo‘ldi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov mazkur holat yuzasidan tushuntirish talab qilib, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga senator so‘rovini yubordi. https://senat.uz/controlactivity/post-1943 

Qayd etilishicha, JV MAN Auto-Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan MAN A 22 CNG rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan. Biroq Vazirlar Mahkamasining qarorida "O‘zavtosanoat" qoshida zamonaviy yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, keyinchalik ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.

"Hukumat qarorining ushbu talablari shu kunga qadar ijro etilmagan. Oqibatda STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan JV MAN Auto-Uzbekistan korxonasida ishlab chiqarilgan 300 dan ortiq avtobus 2018 yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda yo‘lovchi tashimoqda. Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir", deyiladi Senat xabarida.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan, Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tariqasida xarid qilinishiga ruxsat berilgan va bugungi kunda mamlakat ko‘chalarida ushbu avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga o‘rnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan o‘tkazish lozimligini inobatga olib, Burxonov Bosh vazir o‘rinbosariga senator so‘rovini yuborgan.

Senator so‘rovida Vazirlar Mahkamasining qarorida ko‘rsatilgan vazifaning ijrosi nima uchun ta’minlanmagani hamda mazkur laboratoriyalarni tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan. Yuborilgan senator so‘rovining javobini Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.

Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing