O‘zbekistonda “Formula-1” poygalari o‘tkazilishi mumkin

Sport

image

O‘zbekistonda “Formula-1” poygalari o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) prezidenti Muhammad bin Sulaym bilan uchrashuvi chog‘ida muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turibdi. Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etgan.

Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholagan.

Mamlakatda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etilgan.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida mamlakat yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga O‘zbekistonning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston 2019 yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIA’ning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12 dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Formula-1 FIA Xalqaro avtomobil' federatsiyasi Muhammad bin Sulaym

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing