O‘zbekistonda fermerlarga bosim bo‘lyaptimi? QXV izoh berdi
Jamiyat
−
26 Sentabr
6027Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda fermerlarni paxtaning arzonroq narxiga rozi bo‘lishga majburlash holatlari kuzatilgani, klasterlar shartnoma asosida o‘z zimmasiga olgan xarajatlarning bir qismini hukumat soliq to‘lovchilarning gardaniga yuklashga qaror qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tushuntirish berdi.
Vazirlik paxta narxi ma’muriy yo‘l bilan arzonlashtirilayotgani bilan bog‘liq vaziyatni “to‘g‘ri talqin qilish”ni so‘rab bayonot berar ekan, Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforovning harakatlarini oqlagan.
Xo‘sh, G‘afforov nima qilgandi o‘zi? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda G‘afforov tuman hokimiga hamma fermerlarni majlisga yig‘ib, “birja tomonidan tashlab berilgan blanka”ga muhr va imzo qo‘ydirishni topshirganini eshitish mumkin. Bu bilan fermerlar va klasterlar o‘rtasida 8-9 million so‘mdan tuzilgan shartnomalarning hammasi o‘zgartirilib, paxta narxi tushiriladi.
Qayd etilishicha, G‘afforov bu xabarni yetkazishida anglashilmovchilik yuzaga kelgan va xatoga yo‘l qo‘ygan. Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan.
Vazirlik ilova qilgan “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 574-sonli qaroriga ko‘ra, paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi hamda urug‘lik paxta bundan mustasno) uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 million so‘m miqdorida subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi aynan mana shu qaror asosida paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga ular yetishtirilgan paxta xomashyosini yuqorida belgilangan tartib asosida realizatsiya qilishsa, zarar ko‘rmasligi uchun davlat tomonidan yordam sifatida har bir tonna uchun subsidiya ajratib berilishini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, agar fermerlarda tushunmovchilik holati bo‘lsa, vazirlik har bir holatni ko‘rib chiqib, yechim va yordam berishga tayyorligini bildirgan.
“Yetishtirilgan paxta xomashyosini topshirishdagi barcha muammoli holatlarda (shartnomalarning yo‘qligi, fermerni o‘ziga ma’qul bo‘lmagan klasterga sotmaslik qarorida ekanligi, bugungi narxlarni ko‘tarilishini kutish istagida ekanligi va hokazo) terilgan xomashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirib, muammoli masalalarni bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro kelishgan holda bartaraf etishlari mumkinligini bildiramiz. Maqsad – terilgan paxta o‘z vaqtida qabul punktlarida to‘g‘ri saqlanishi va shaffof tarzda agproplatformada aks etishi lozim. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur xabarning ob’ektiv mohiyatini anglab yetish va aynan hukumat qarori bilan beg‘araz yordam berish masalalarini to‘g‘ri talqin qilinishini so‘rab qolamiz”, deyilgan vazirlik xabarida.