O‘zbekistonda eng ko‘p va eng kam ajrim koeffitsiyentiga ega hududlar qaysilar?
Tahlil
−
27 aprel 2020
16543O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning birinchi kvartali bo‘yicha demografik holat yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi. Unga ko‘ra, o‘tgan uch oyda nikohdan ajrashganlar koeffitsiyenti eng yuqori bo‘lgan hududlarga Toshkent shahri, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlari kirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar, fevral, mart oylarida FHDYO organlari tomonidan 7,8 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 0,9 promilleni tashkil qiladi. Yuqorida qayd etilgan to‘rtta hududda ajrashganlar koeffitsiyenti quyidagicha:
1. Toshkent shahri – 1,0 promille;
2. Andijon viloyati – 0,9 promille;
3. Samarqand viloyati – 0,9 promille;
4. Toshkent viloyati – 0,8 promille.
Hududlar bo‘yicha 2020 yilning yanvar-mart oylarida eng kam ajrashganlar koeffitsiyenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,3 promille), Jizzax (0,3 promille), Navoiy (0,3 promille) va Sirdaryo (0,3 promille) viloyatlarida kuzatildi.
Umuman olganda dunyoda nega ajralishlar soni ortmoqda? Buning bir qancha sabablarini sanash mumkin. Badavlat kishilarning bir qismini hisobga olmaganda, bugungi kunda nikoh odamlarning o‘z mulki va mavqeini keyingi avlodga o‘tkazish maqsadidagi sa’y-harakatlari majmui bo‘lmay qoldi. Bora-bora ayollar iqtisodiy mustaqilligining ta’minlanishi bilan nikoh qachonlardir bo‘lganidek iqtisodiy sheriklik zaruriyatining natijasi hisoblanmay qoldi. Farovonlikning umumiy o‘sishi shunga olib kelmoqdaki, agar nikoh insonni qoniqtirmasa, u o‘z hayotini osongina boshqa yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘lib qolyapti.
Bundan tashqari, ajrashganlar endilikda o‘zlarida “isnod” tamg‘asini ko‘tarib yurmaydi va qandaydir darajada bu ularni rag‘batlantiradi ham. Yana bitta muhim omil – nikoh beradigan shaxsiy qoniqish darajalarini baholash atamalarining kuchayishi tendensiyasidir. Aftidan ajralishlar sonining o‘sishi nikohdan chuqur umidsizlik bilan emas, balki uni qoniqish keltiradigan to‘laqonli ittifoqqa aylantirishga urinishning kuchayishi bilan bog‘liqdir. Albatta, bu shaxsiy fikrlar hisoblanadi.
Jamiyatshunos, oila bo‘yicha mutaxassis Dayan Vagen ajralish vaqtida ajrashganlar munosabatlarini tekshirgan. Asosan, o‘rta sinf vakillaridan bo‘lgan 103 ta juftdan birgalikda yashaganidan to ajrashguncha bo‘lgan o‘tish davrini tasvirlash maqsadida qator intervyular olgan. “Ajralish” tushunchasi uzoq davom etgan bigalikdagi munosabatlardan yakkalik hayotiga o‘tishni anglatadi.
Ma’lum bo‘ldiki, ko‘p hollarda jismoniy ajralishdan oldin er-xotinlar ijtimoiy jihatdan boshqa-boshqa bo‘lib qoladilar. Bunda sheriklarning birida yangi hayot tarzi paydo bo‘ladi, uni boshqa mashg‘ulotlar qiziqtira boshlaydi, ajralgan xotiniga aloqasi yo‘q yangi do‘stlari paydo bo‘ladi. Bu bir-birlaridan, ayniqsa, ishqiy munosabatlarda sir saqlashga olib keladi. Bu tadqiqot, albatta, Yevropadagi hayotdan olingan kuzatuvlar natijasi hisoblanadi.
Ammo bizda-chi? Ajrimlarga sabablar turlicha bo‘ladi. Shulardan eng asosiylaridan biri qaynona-kelin munosabatlari natijasida yuzaga keladi. Bu orada kelin-kuyovning yaqin qarindoshlari ham ushbu nizoga aralashadi va nikoh ko‘p hollarda buzilishga olib keladi. Raqamlar statistik nuqtai nazaridan o‘rganilmoqda. Biroq raqamlarni tahlil qilish, unga yechimlar ishlab chiqish, bu sohada sotsiologlarni yetishtirish hali ham tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.
LiveBarchasi