O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept asosida bepul olish tartibi tasdiqlandi
Jamiyat
−
06 Oktabr
7366O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept asosida dorixonalardan bepul olish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilindi.
Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo‘yicha reimbursatsiya dasturi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, elektron retsept tibbiy axborot tizimida shifokor tomonidan bemor uchun rasmiylashtiriladi. Elektron retseptda har bir tashxis bo‘yicha uchtagacha dori vositasi ko‘rsatilishi mumkin.
Elektron retseptning amal qilish muddati rasmiylashtirilgan kundan boshlab 7 kunni tashkil qiladi.
Shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangandan so‘ng axborot dasturi orqali jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga uzatiladi hamda bemorning mobil telefon raqamiga mazkur retseptning raqami va sanasi aks ettirilgan SMS-xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi.
Reimbursatsiya dasturi doirasida ishtirok etuvchi dorixonalarning berilgan dori vositalari bo‘yicha sarf-xarajatlar mazkur dorilarning narxlari aks ettirilgan hisob-fakturalar asosida jamg‘arma tomonidan to‘lab beriladi.
Ma’lumot uchun, reimbursatsiya dasturi bu – bemorlarni ambulator sharoitda davolash uchun shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini berish va berilgan dori vositalarini qiymatini jamg‘arma tomonidan qoplash dasturi hisoblanadi.