Muddati o‘tgan yarim mlrd so‘mlik dorilarni sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

3-sahifa

image

Namanganda 502,7 mln so‘mlik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Mingbuloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “M.Sh.” MCHJ rahbari A.A. (muqaddam sudlangan) va boshqalar Namangan shahridagi “Boburshoh” MFY hamda Davlatobod tumanidagi “Porloq” MFY hududlarida joylashgan omborlarda jami 485 turdagi 32 ming 626 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ushbu mahsulotlarning davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani va ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan. Aniqlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri, Andijon, Qashqadaryo viloyatlari hamda boshqa hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing