Uyida 577 mln so‘mlik hujjatsiz dorilarni sotish maqsadida saqlagan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
08 avgust 1274 1 daqiqa
Namangan viloyatida 577,4 million so‘mlik, sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 13 mingdan ortiq quti dori vositalarining muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida fuqaro A.T. va boshqalar “Boburshoh” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonda 56 turdagi 13 184 quti dori vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.
Ularning umumiy qiymati 577,4 million so‘mni tashkil etgan. Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yashovchi oila xonadonida Rossiyadan noqonuniy olib kelingan, qiymati qariyb 600 million so‘mlik kontrafakt dori vositalarini saqlab kelayotgani aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi