Gazdan kechayotgan O‘zbekiston, talabalari narkokurerga aylangan universitet, operatsiya stolida o‘layotgan odamlar, ishonchsiz tibbiyot – Hafta tahlili
Tahlil
−
14 dekabr 6340 14 daqiqa
O‘zbekistonda 184 nafar kishi pora olish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlangan, ulardan 114 nafari qamalgan. Bu bir kunlik emas, joriy yilning 11 oyiga oid statistika. Shunga qaramay, O‘zbekistonda poraxo‘rlar, korrupsiyaga oid jinoyatlar kamaymayapti. Raqamlar jamoatchilikka, huquq-tartibot organlariga ma’lum bo‘lgan holatlarnigina o‘zida aks ettirmoqda. Ammo yeng ichida qolib ketayotganlari-chi? Aslida kundalik turmushimizda maishiy korrupsiyaning turli holatlari bilan duch kelamiz, biroq yuz issiq, andisha qilamiz. Ichimizdan norozi bo‘lsak-da, ustimizga chiqara olmaymiz. Xo‘sh, siz qaysi sohalarda odatiy, kundalik maishiy korrupsiyaga duch kelyapsiz? Hamon ta’lim va sog‘liqni saqlash yuqori o‘rinlardami? Fikrlaringizni izohlarda yozing.
“Anafilaktik shok”: Toshkentda yosh yigit operatsiyada vafot etdi
Rinoplastika va septoplastika yo‘nalishidagi operatsiyalarni o‘tkazish borasida nafaqat O‘zbekiston, qo‘shni respublikalarda ham tilga tushgan Ibatov’s clinic’dan 31 yashar yigitning o‘ligi chiqdi. Garchi holat 12 noyabr kuni sodir bo‘lgan esa-da, uning isi bir oy o‘tib, tugayotgan haftada chiqdi va ijtimoiy tarmoqlarda diqqat markazidagi mavzuga aylandi.
Bosh prokuraturaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 1994 yilda tug‘ilgan yigit Toshkentdagi Ibatov’s clinic’ga “chap tomonlama burun kistoz gaymariti, o‘ng tomonlama o‘rta burun chig‘anog‘i konxobullyozi vazamator rinit” tashxisi bilan murojaat qilgan. Ushbu klinika shifokorlari tomonidan jarrohlik amaliyoti jarayonida puls ko‘rsatkichlari yo‘qolib, yurak faoliyati to‘satdan to‘xtab qolishi oqibatida yigitda biologik o‘lim holati yuz bergan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limining joriy yilning 13 noyabr kungi 1250-sonli dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, yigitning o‘limiga o‘tkir koronar o‘lim, o‘tkir anafilaktik shok sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida 12 noyabr kuni sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan xususiy klinika shifokorlariga nisbatan joriy yilning 29 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, dastlabki tergovda berilgan alohida topshiriqqa asosan xususiy klinika faoliyati 14-03/28-sonli qarorga bilan joriy yilning 6 dekabridan rasman to‘xtatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Biz holatga oydinlik kiritish maqsadida Ibatov’s clinic asoschisi Nodir Ibodovni studiyamizga taklif qilib, u bilan suhbatlashdik. Klinika rahbari o‘sha kuni shifoxonada bo‘lmagani, marhum bemorni tanimasligi, operatsiya jarayonida malakali shifokorlar guruhi ishlagani va klinikada barcha texnik hamda tibbiy vositalar bo‘lganini aytarkan, holatda shifokorlarning aybi yo‘qligini urg‘uladi.
31 yashar bemorning o‘limi muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir vaqtda aynan ushbu klinikada o‘tkazilgan operatsiya ortidan nogiron bo‘lib qolgan qizning onasining dod-faryodi tarqaldi. QALAMPIR.UZ Ibodovni ushbu masalada ham savolga tutdi.
Biz marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan holda, mavzuni to‘liq, xolis va atroflicha o‘rganish uchun barcha tomonlarni eshitishga ochiqligimizni ma’lum qilamiz. Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilgan holda, izohlarda haqorat va ayblovlardan tiyilish, sudning xulosasini kutishga chaqiramiz.
O‘smir o‘limiga sababchi bo‘lgan inspektorga hukm o‘qildi
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida 17 yoshli yigit o‘zini yoqib yuborishiga sabab bo‘lgan profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi.
Gap shundaki, 2025 yilning 20 fevral kuni 2008 yilda tug‘ilgan yigit amakisiga tegishli Cobalt avtomashinasini o‘zboshimchalik bilan haydagan. Mazkur holat yuzasidan 102 raqami orqali Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining navbatchilik qismiga murojaat kelib tushgan va holat Bulung‘ur tumani “Kildon” mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika katta inspektoriga biriktirilgan.
Ikki kun davom etgan qidirish ishlaridan so‘ng, 21 fevral kuni yigit Jizzax viloyati Zarbdor tumanidan topilib, uyiga olib kelingan. Shundan so‘ng inspektor o‘smirni ichki ishlar xodimlari qo‘lidan olib chiqib kelganini va 400 ming so‘m pul berganini aytib, ularni aldab, ishonchiga kirib, ushbu pullarni talab qilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, profilaktika inspektori yigitni uydan olib chiqib ketib, tartibga ko‘ra u bilan pedagogik va psixologik profilaktika tadbirlari o‘tkazmagan va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan. Aksincha, uning qarindoshlariga “bu bola qamaladi, endi qonun oldida javob berishi kerak” deb qo‘rqitgan.
Yigitcha qamalishidan qo‘rqib, uyining molxonasida 20 litrlik idishdagi dizelni ustidan quyib, o‘zini yoqib yuborgan. U darrov o‘lmagan, ikki oy shifoxonada davolangan, ammo buning nafi bo‘lmagan.
Shu yilning 4 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi profilaktika inspektorini Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lishi) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topdi.
Unga nisbatan 2 yil muddatga Ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sobiq xodim sud zalining o‘zida qamoqqa olinib, manzil-koloniyaga yuborilgan.
Endi dorilarni faqat retsept bilan olamiz-mi?
O‘tgan safargi ko‘rsatuvimizda men nima degandim, biznikilar dorini nos otgandek kaftlab otadi, deganmidim. Aslida tibbiyotdagi muammolarimiz bir klinika va bir shifokor bilan chegaralanmaydi. Bu soha butkul tizimli o‘rganish, o‘zgarishni talab qiladi. Odamlarimizning tibbiy madaniyati oshmaguncha talabi ham haminqadar bo‘laveradi, tibbiyot xodimlari esa talabga yarasha taklifni ko‘rsatadi. Bu – bozor qonuniyati, bu davrda biznesga aylangan tibbiyotdan katta narsani kutishning o‘zi xatodek.
O‘zbekistonda va nihoyat shifokor retseptisiz dori sotish taqiqlandi va yangi tizim 12 dekabrdan kuchga kirdi. Gap shundaki, DMED elektron retsept tizimi ishga tushirildi va barcha retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar faqat raqamli retsept asosida beriladi, lekin hamon odamlarimiz ham, shifokorlarimiz ham tizimga moslashib olmagan, tizimga ulanmagan doktorlar talaygina.
Endilikda antibiotiklar, gormonal preparatlar, psixotrop vositalar, “retsept bo‘yicha” deb ko‘rsatilgan istalgan dorilar faqat retsept asosida sotiladi.
Shifokor DMED orqali retsept yozadi, bemor esa ID yoki QR-kod bilan dorixonadan dori oladi, deb osongina tushuntirilyapti, lekin buning uchun shifokorga qanday murojaat qilinadi, burnim oqyapti, boshim og‘riyati degan gaplarga ishonib retsept yozilsa, bunday ovoragarchilikka na hojat bunisini bilmadim. Ammo kelgusida retsept yozdirib olish uchun tez tibbiy yordamga va poliklinikalarning uchastka vrachlariga chaqiruvlar soni ortishi ehtimoli yuqori.
Tushuntirilishicha, retseptni soxtalashtirib bo‘lmaydi – shifokor, klinika va dorixona ma’lumotlari avtomatik tarzda qayd etiladi. Shu bilan birga, elektron retsept bilan faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan preparatlar berilsa, farmatsevtlar preparatning seriyasi, tugash muddati va partiyasini tizimga kiritishi kerak. Shifokorlar esa preparatlarning harakati haqida onlayn kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: dorixonalarda farmatsevtlar ishlayapti, deb kim aytdi, sizga janoblar? Men ko‘rmayapman. Talabalar. U yoki bu tibbiy yo‘nalishda o‘qiydigan talabalarga to‘lib yotibdi dorixonalar. Eng avvalo, sotuv jarayonini o‘zini tartibga keltirib, mutaxassis bo‘lmaganlar faoliyatiga chek qo‘yilishi kerak emasmi?
Xo‘sh, endi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masalaga kelsak, albatta, dori ichmay qolsa, ko‘ngli joyiga tushmaydiganlar ham unutib qo‘yilmagan. Ular uchun naq 1846 turdagi retseptsiz beriladigan dorilar saqlab qolingan. Bular 25 turdagi allergiyaga qarshi vositalar, 63 turdagi shamollash va O‘RV kasalliklarini davolash vositalari, 10 turdagi jig‘ildon qaynashini to‘xtatuvchilar, 71 turdagi vitaminlar va polivitaminlar, 47 turdagi surtmalar, 55 turdagi og‘riq qoldiruvchi va isitma tushiruvchilar, 118 turdagi antiseptiklar.
Toshkentda terroristik hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan yigit qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilar bilan aloqa o‘rnatib, Toshkent shahrida qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan qashqadaryolik 20 yoshli yigit 6 yilga qamaldi.
Yigit 2023 yildan boshlab internet orqali mustaqil ravishda diniy bilim va tushunchalarni o‘rganishi davomida ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushgan.
Buning oqibatida u mamlakatdagi islohotlardan qattiq norozi bo‘lib, O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan va respublikada faoliyati taqiqlangan Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti a’zolari bilan yaqin aloqada bo‘lgan holda, ularning qo‘poruvchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.
Shundan so‘ng, yigit Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali yuqorida keltirilgan terrorchi tashkilotga a’zo bo‘lgan tojikistonlik “Xabargo‘yi suriya” profili foydalanuvchisi bilan aloqada bo‘lib, uning ta’sirida diniy qarashlari radikallashgan.
Yigit jangovar harakatlarda ishtirok etish va “Tavhid va jihod katibasi” tarkibiga qo‘shilish maqsadida Suriyaga chiqib ketish yo‘llarini surishtirgan. Shuningdek, u o‘zi tinglab kelgan terrorchilik tashkilotlari g‘oyaviy rahnamolarining jihodga chorlovchi ma’ruzalaridan ta’sirlanib, Toshkent shahrida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgan.
Shu bilan birga, sudlanuvchi uyali aloqa vositalarida taqiqlangan ekstremistik va terrorchilik materiallarini saqlab, ularni internet orqali tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining sanksiya qismida uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolarini qo‘llash ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, sud yigitga yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llagan holda, insonparvarlik prinsiplari asosida 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish o‘rinli, tugayotgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan odatga ko‘ra jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 mahkumni afv etishga oid hujjatni imzoladi.
Afv etilgan shaxslarning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 9 nafarini chet el fuqarolari, 29 nafarini ayol, 23 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 264 nafarini yoshlar (shulardan, 2 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Ziplayndan qulagan qizning ahvoli qanday?
“Qamchiq” dovonidagi dam olish maskanida bir qiz ziplayndan tushib ketdi. Uning ahvoli stabil og‘ir.
Voqea 11 dekabr kuni “Qor city” dam olish maskanida soat 11:00 dan o‘tganda sodir bo‘lgan. Qiz bir necha daqiqa arqonda osilib turgan, biroq hech kim yordamga bormagan.
Jabrlanuvchi hozirda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqda.
Qizga “ko‘krak qafasi yopiq shikasti, bel soha yopiq shikasti, o‘ng oyoq yopiq sinishi tashxisi qo‘yilgan.
Hozircha voqea sabablari ochiqlanmadi, rasmiy idoralar holat bo‘yicha biror bayonot bergani yo‘q. QALAMPIR.UZ’ning Ichki ishlar vazirligidan aniqlanishicha, holat ortidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistondagi attraksionlarning sozligi, standartlarga javob berishi va xavfsizligi juda og‘riqli masala. Yil boshida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi O‘zbekistondagi 70 dan ortiq istirohat bog‘larining attraksionlari qo‘lbola ekani – ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagani, ammo bamaylixotir faoliyat olib borganini ma’lum qilgandi.
Respublika hududida joylashgan 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan jami 2120 ta attraksionlar o‘rganib chiqilgan bo‘lib, shundan qo‘lbola (ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagan) attraksionlar 74 tani, nosoz, ishlashga yaroqsiz holatda bo‘lgan hamda faoliyati to‘xtatilgan attraksionlar 228 tani, shu kunga qadar ro‘yxatga olingan attraksionlar 1100 tani tashkil etishi aniqlangan.
Raqamlashtirish: endi O‘zbekistonda naqd pulga uy, mashina olib bo‘lmaydi
O‘zbekistonda naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinyapti. Prezident imzolagan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda aytilishicha, 2026 yil 1 apreldan davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar, qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar, ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olishda to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi hisob-kitoblar bank va notarial organlarning axborot tizimlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi orqali amalga oshiriladi, bundan bank kassalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar mustasno.
Markaziy bank 2026 yil 1 yanvarga qadar barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kodni joriy qiladi.
Gaz emas, elektr! Uylarni isitish tartibi o‘zgaradi
O‘zbekiston bundan buyon uylarni gaz bilan emas, balki elektr energiyasi bilan isitish tartibiga o‘tadi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tugayotgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hisobotida so‘z ochdi.
Mirzamahmudovning elektr energiyasida isitish taklifi yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli turarjoylarni to‘liq elektrlashtirish, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan ta’minlash, isitish tizimini elektr energiyasiga o‘tkazish hamda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p xonadonli uylar, yotoqxonalar va gazlashtirilmagan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish bilan bog‘liq.
Mazkur takliflar loyihasiga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi maishiy iste’molchilarga (subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki tabiiy gazdan foydalanmagan taqdirda) oylik iste’mol hajmiga qarab isitish mavsumida — 2000 kVt·soatgacha, isitish mavsumidan tashqari – 1000 kVt·soatgacha elektr energiyasi iste’moli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Takliflar idoralararo tartibda kelishilgan.
“Mazkur islohotlar O‘zbekiston energetika tizimi uchun muhim transformatsiya jarayoni bo‘lib, xalqaro tajribada kuzatilganidek, bunday o‘zgarishlar chuqur tahlil, vaqt va yuqori darajadagi ehtiyotkorlikni talab qiladi. Jarayonning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tizimning strategik ahamiyatidan kelib chiqadi”, deya tushuntirish berdi Energetika vazirligi.
Har qishda shu bo‘lar takror deganlaridek, respublikaga sovuq havo massalari kirib kelganidan ko‘p o‘tmay, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar o‘rnatildi.
Toshkent shahridagi 78 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tongi soat 06:00 dan kechki soat 23:00 gacha ishlaydi. Jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida 21 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tungi vaqtda ham ish faoliyatini davom ettiradi va jamoat transportini yoqilg‘i bilan ta’minlaydi.
Andijon viloyatidagi 143 ta, Namangan viloyatidagi 134 ta, Xorazm viloyatidagi 94 ta AGTKSH faoliyati 05:00 dan 17:00 gacha qilib belgilangan. Farg‘ona viloyatidagi 173 ta, Sirdaryo viloyatidagi 53 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 124 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati esa soat 06:00-18:00 oralig‘ida bo‘ladi. Navoiy viloyatidagi 51 ta va Buxoro viloyatidagi 95 ta “zapravka” 06:00 dan 19:00 gacha ishlaydi. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatidagi 106 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari 06:00-17:00 oralig‘ida faoliyat olib boradi.
Bildirilishicha, bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Toshkentda narkokurer talabalar ushlandi
Toshkent shahrida narkokurerlik bilan shug‘ullanib kelgan oliy ta’lim muassasasining 1-bosqich talabalari ushlandi.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 2 nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda, ularning yonidan 120 gr “Alfa PVP” sintetik giyohvand moddalari topilgan. Tezkor tadbir davom ettirilib, 2007 yilda tug‘ilgan talabaning vaqtincha yashab kelayotgan universiteti yotoqxonasi ko‘zdan kechirilganda 400 gr “Alfa PVP” sintetik giyohvand moddalari borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu 2 talaba ushbu sintetik giyohvand moddalarni tanishi tashlab bergan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, aytilgan lokatsiyalarga yuborishgan. Tezkor tadbirlar natijasida bir marotabalik 2600 ta dozaga teng bo‘lgan jami 520 gr sintetik giyohvand moddalarining noqonuniy muomalasi oldi olingan.
Talabalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga ko‘ra 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Bu haqda axborot bergan Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti talabalar qaysi oliy ta’lim muassasasida tahsil olganiga aniqlik kiritmagan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: universitet rahbariyati, yotoqxonaga mas’ul bo‘lgan komendantlar qayerga qaragan? Agar oliy o‘quv yurti yotoqxonasida bamaylixotir narkotik moddalar saqlanayotgan va emin-ermin qadoqlanayotgan bo‘lsa, o‘xxo‘ u yerlarda yana nimalar bo‘lmayapti deysiz.
O‘zbekistonda narkojinoyatlar yil sayin ortib bormoqda. 2020 yilda 6032 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilgacha bu raqam teng baravardan ortiqqa oshib, 12278 tani tashkil etgan. Ularning 3167 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, ya’ni har uchinchi narkojinoyatchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekani aytilmoqda. Qolaversa, bundan besh yil avval narkojinoyatlarda ayollar ulushi atigi bir necha foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni uch barobarga ko‘paygan.
O‘tgan oydan buyon O‘zbekistonda yoshlar orasida giyohvand moddalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasini shaxsan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z nazoratiga oldi. O‘sha kundan buyon mamlakatda kuchaytirilgan reyd tadbirlari boshlandi.
Rasmiylarga ko‘ra, yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolingan. Ammo jamoatchilik, faollar Hukumatni giyohvand moddalarning savdosi, aylanmasi va mamlakatga kirib kelishi bilan bog‘liq holatlarga nisbatan kurashni sust olib borishda ayblab keladi. Ayniqsa, sintetik giyohvand moddalarning savdosi ortib borayotgani, ba’zi joylarda uni tashish va sotish, iste’mol qilish emin-erkin ekani, huquq-tartibot organlari yetarli darajada choralar ko‘rmasligi tanqid qilinadi.
Live
Barchasi