O‘zbekistonda bir hafta ichida uchinchi bola kamyob kasallikdan vafot etdi
Jamiyat
−
18 may
56327Bugun, 18 may kuni Surxondaryo viloyatida o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalit (SSPE) kasalligiga chalingan 6 yashar qiz – Akmuradova E’zozaxon vafot etdi. Bu haqda uning ota-onasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. Bu ushbu hafta ichida SSPE bilan bog‘liq uchinchi o‘limdir.
Xabar berishlaricha, qizaloq 2018 yilning avgust oyida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida sog‘lom holda dunyoga kelgan. U 2024 yilning yanvar oyida qizamiq asorati tufayli 10 mingtadan 1 bolada kelib chiquvchi, juda kamyob kasallik – o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalit (SSPE) xastaligiga chalingan.
SSPE kasalligiga chalingan o‘nlab bolalarning ota-onalari QALAMPIR.UZ’ga bemor bolakaylarni davolashda davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmayotganini ma’lum qildi. Og‘ir ahvoldagi bolalar tibbiy yordam va shifokor nazoratisiz o‘z uylarida saqlanmoqda. Respublika Bolalar Milliy tibbiyot markazi esa bolalarni order asosida har 3 oyda 10 kungina olib qoladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni zarur bo‘lgan dorilar bilan ta’minlamayapti.
Ma’lumot o‘rnida, SSPE qizamiq yoki qizilcha kasalligidan qolgan asoratlar tufayli yuzaga keladigan miya kasalligidir. Bemorda to‘xtovsiz sudurgi, mushaklar tortishishi yoki bo‘shashishi kuzatiladi. Uning oldini olishning yagona usuli qizamiqqa qarshi emlashdir. O‘zbekistonda bolalar 1 yoshdan boshlab qizamiqqa qarshi emlanadi, ammo ko‘p hollarda bolalar yoshiga yetmasdan ushbu kasallikka chalinmoqda. Shu boisdan, O‘zbekistonda SSPE kasalligiga chalinish holati so‘nggi yillarda avj olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda SSPE bilan kasallangan bolalar soni 100 ga yaqinlashgani haqida xabar bergan edik. Bu anomal hodisa hisoblanadi.
LiveBarchasi