O‘zbekistonda “Aqlli suv” tizimi joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Aqlli suv” joriy etiladi. Bu haqda kecha, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytilgan

Davlat rahbari ko‘rsatmalariga muvofiq ishlab chiqilayotgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida ham suvdan foydalanish va uni tejash bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Suv xo‘jaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xo‘jaligi ob’ektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kelgusi yili 120 ta va 2023 yilgacha 300 ta ob’ektda ushbu tizim tatbiq etiladi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo‘lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan. 

Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sug‘orilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigatsiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha hech bir tashkilot talab qo‘ymayapti.

Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stansiyasini 2020 yil yakunigacha elektr energiya iste’molining avtomatlashgan nazorat tizimiga o‘tkazish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda 2020 yilda 22 ta tumandagi 50 ta ob’ektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida QALAMPIR.UZ muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshiralayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida Germaniyada bo‘lib, mamlaktaning suvni tejash va qayta ishlash borasidagi tajribasini o‘rganib qaytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Suv Aqlli suv

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing