Markaziy Osiyo suvsiz qoladimi?
Tahlil
−
24 yanvar
21691Yaqinda qozog‘istonlik deputat O‘zbekiston Amudaryodan yetarli suv ololmagach, bor e’tiborini Sirdaryoga qaratishini va Qozog‘istonda suv tanqisligi yuzaga kelishidan xavotir bildirdi. Bir deputatning davlat odami o‘laroq mamlakatidagi vaziyatdan xavotir olishi yaxshi, albatta. Ammo biznikilarchi? Qachonki xuddi hozirgidek mamlakatda havo ifloslanib nafas olish qiyinlashganidek, suvimiz ham qolmagandagina o‘shanda e’tibor beriladimi? Aslida O‘zbekistondagi suv bo‘yicha vaziyat Qozog‘istondan qolishmaydi va bir muncha undan xavfli ham. Bu ham yetmaganidek, Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining qurilishi O‘zbekistonga oqib tushadigan suvning o‘rtacha hajmini 15 foizigacha qisqartiradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari suv iste’moli bo‘yicha dunyoda kuchli o‘ntalikni band etgan. Ayrimlar Markaziy Osiyo shu resurs uchun urushadi degan fikrlarni ham ilgari surmoqda. Xo‘sh, rostan ham Markaziy Osiyoda suv uchun “urush” boshlanishi mumkinmi? Bugun shu haqda gaplashamiz.
“Suv tugasa, yer tugaydi”
Olimlarning fikricha, yaqin kelajakda O‘zbekiston jiddiy suv resurslari tanqisligiga duch kelishi mumkin. Asosiy sabablar qilib o‘z suv manbalarining yetishmasligi, ekologik muammolar va global isish ekanligi qo‘rsatiladi. Respublikada suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Shu sababli mamlakatning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan paxtaning ekilishi ham qisqardi.
Markaziy Osiyo suv xavfsizligi energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan dunyoning kam sonli mintaqalaridan biridir. Suv resurslari strategik ahamiyatga ega. O‘zbekistonning ilk yirik shaharlari Samarqand va Buxoro Zarafshon daryosi bo‘yida, Urganch va Xiva esa Amudaryo bo‘yida bunyod etilgani bejiz emas.
“Markaziy Osiyoda har bir kishiga yiliga o‘rtacha 6 ming kubometr suv to‘g‘ri keladi. Bu hali 1-1,5 ming kub metr bo‘lgan ba’zi Afrika mamlakatlaridagi kabi halokatli emas. Ammo, taqqoslash uchun, Rossiyada bu 30 ming. Bundan tashqari, O‘zbekiston suvdan foydalanishning yarmini, Turkmaniston esa hatto to‘rtdan uch qismini xorijdan oladi. Mintaqaning barcha xalqlarida “Suv tugasa, yer tugaydi” degan maqol bejiz aytilmagan. Shuningdek, global isish Pomir va Tyan-Shan muzliklarining sezilarli darajada erishiga sabab bo‘ldi, ya’ni har o‘n yil, hatto yil sayin suv tanqisligi yanada ortib boradi”, deydi falsafa fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi Ravshan Nazarov “Vostochniy ekspress” nashriga bergan intervyusida.
Markaziy Osiyoda suv uchun urush bo‘lganmi?
Markaziy Osiyoda hech suv uchun urush bo‘lmaganku, endi ham bo‘lmas dersiz. Ammo bunday holatlar bo‘lgan. Uzoq tarixga to‘xtalib o‘tmay, 2021 yil aprelda yuz bergan voqeani eslasak. O‘shanda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada qurolli to‘qnashuv boshlanib, ikki tomondan o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. Mojaro esa umumiy chegaradagi suv taqsimlash punkti bo‘yicha kelishmovchilikdan boshlangan.
Biroq kuni kecha Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov birdaniga “Qo‘shnilarimizga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suv beramiz”, deb chiqdi.
“Suv yetarli darajada to‘planmagani uchun fermerlar sug‘orish mavsumida suv tanqisligini boshdan kechirdi. Bu yil biz hamma narsani tozalayapmiz. Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab yangi sutkalik (BSR) va o‘n kunlik (BDR) tartibga solish havzalarini qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdim. Bu sutkalik (BSR) va o‘n kunlik (BDR) tartibga solish havzalari birinchi navbatda quyi oqimda yashovchi qo‘shnilarimiz uchun foydalidir. Agar qishda tartibga solish havzalaridan erigan suvni yig‘ib olsak, bahordan daryo suvi butunlay qo‘shnilarga oqib o‘tadi. Ya’ni ular avvalgidan ham ko‘proq suv oladi. Sug‘orish mavsumida fermerlarimiz sutkalik (BSR) va o‘n kunlik (BDR) tartibga solish havzalari suvlaridan, qo‘shnilarimiz esa oqar suvdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Suv muammosi Markaziy Osiyo davlatlari uchun – “Axilles tovoni”
Tarixdan “Axilles tovoni” degan atama mavjud va u zaif nuqta degan ma’noni anglatadi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun suv muammosi “Axilles tovoni”ga o‘xshatiladi. Ha suv muammosi mintaqada zaif nuqta bo‘lib qolayotgani ayni haqiqatdir.
Yevrosiyo Taraqqiyot Banki e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo besh yil ichida 5–12 kub metrlik surunkali suv taqchilligiga duchor bo‘ladi, mintaqadagi qishloq xo‘jaligi, sanoat va energetika inqiroz holatiga tushib qoladi.
Bank ekspertlarining fikricha, oziq-ovqat, suv va elektr quvvati taqchilligi aholining qishloqlardan shaharlarga va mintaqadan tashqariga ommaviy ko‘chib ketishiga sabab bo‘ladi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga ko‘ra, 2050 yilga borib iqlimiy muhojirlar soni 5 million kishiga yetishi mumkin.
Ha aytgancha, Markaziy Osiyoda suv qisqarishiga birgina ekologik muammolar, global isish sababchi emas. Yevrosiyo Taraqqiyot Banki ekspertlarining fikricha, “Tolibon” qurayotgan Qo‘shtepa kanali bir necha yil ichida Amudaryo oqimini deyarli yarmiga qisqartirishi mumkin.
Qo‘shtepa kanali
Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali doimiy qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarga suv yetkazib berish orqali qishloq xo‘jaligi landshaftini o‘zgartirishga qaratilgan. Qurilish tugagach, kanal 285 kilometrga cho‘ziladi va mamlakatning qurg‘oqchil shimoliy viloyatlarini sug‘orishga yordam beradi. O‘zbekiston va Turkmaniston esa bundan xavotirda. Kanal Amudaryo resurslarini yo‘naltiradi va sovet davridan buyon bu manbadan foydalangan ikki davlat uchun suv ta’minotini to‘xtatadi. O‘zbekiston va Turkmaniston 2028 yilda suv yo‘li qurib bitkazilganidan so‘ng hozirgi suv oqimining 15 foizgacha qismini yo‘qotishi mumkin.
2023 yilning aprel oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Qobulga tashrifi chog‘ida Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga suv oqimini yo‘naltirish rejasidan xavotir bildirgan. “Tolibon” bunga javoban esa Qobul ham qo‘shnilari kabi suvdan foydalanish huquqiga egaligi va uch davlat o‘rtasida bu bo‘yicha rasmiy kelishuvlar yo‘qligini bildirgan.
O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Qo‘shtepa kanali qurilishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan edi. Davlat rahbari uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv balansini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgan edi. “Tolibon”ning energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur esa qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini, biroq Afg‘onistonning hech kim bilan suv bo‘yicha shartnomasi yo‘qligini bildirgan.
Darvoqe Afg‘oniston transchegaraviy daryolar va ko‘llarni boshqarish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi Transchegaraviy suvlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi 1992 yilgi konvensiyaning ishtirokchisi emas. Afg‘onistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilmagani, mintaqada suvdan foydalanish jarayonlarini tartibga soluvchi barqaror huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi Markaziy Osiyoda vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Suv muammosini birgalikda hal qilish kerak
“Third pole” axborot portali muharriri Omar Ahmadga ko‘ra, suv muammosi respublikalar uchun “diplomatik minalar maydoni”dir. Ammo har xil ixtilof, mojarolardan foyda yo‘q. Vaqt o‘tmoqda va borgan sari falokat mintaqani qamrab olmoqda. Bugungi tabiatimiz, suvimizni asramasak kelajak avlodlar tugul o‘zimizga ham yetishi dargumon. Hozir birlashishning ayni vaqti. Agar Markaziy Osiyo davlatlari bir yoqadan bosh chiqarmasa ahvol tang bo‘lishi aniq. O‘zingizni va tabiatni asrang. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr