Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarini “Tolibon”ni tan olishga ko‘ndirmoqchi
Olam
−
29 noyabr 2024
2549Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Xitoyning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Yue Syaoyun “Tolonews”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Tan olish masalasi – bu o‘z vaqtida ro‘y beradi. Xitoy bu yo‘lda nafaqat sizlar bilan, balki qo‘shnilar va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan to‘liq maslahatlashadi, deb o‘ylayman. Eng muhimi – hozir Xitoyning qo‘shnilar, mintaqaviy davlatlar va sizning ichki hukumatingiz bilan olib borgan sa’y-harakatlari tufayli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda”, dedi u.
Qayd etilishicha, Xitoy elchisi ba’zi davlatlarning Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan ayrim guruhlar borligi haqidagi xavotirlariga ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, u bu xavotirlar Qobulning mazkur davlatlar bilan munosabatlariga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlab, masalani ularni qoniqtiradigan tarzda hal etish muhimligini qayd etgan.
Shuningdek, Syaoyun Qobul va Islomobod o‘rtasidagi taranglikka to‘xtalib, ikki davlat muammolarini uchinchi tomon aralashuvisiz hal qilishi mumkinligini bildirgan.
“Bizning Pokiston va Afg‘oniston uchun siyosatimiz bir xil – bu qo‘shnilar uchun umumiy kelajakni, mintaqaning umumiy kelajagini, barqarorlik, tinchlik, qayta qurish va umumiy farovonlikka eltuvchi hammamiz uchun umumiy kelajakni barpo etishdir,” dedi u.
Xitoylik diplomat Afg‘onistonning qiyinchiliklarga qaramay, mintaqaviy iqtisodiy markazga aylanganini ham qayd etgan.
“Bu juda jozibali. Ushbu mamlakat o‘tmishda katta davlatlarning kurash maydoni bo‘lgan joy. Hozir iqtisodiy rivojlanish markazi yoki boshqa mamlakatlar buni iqtisodiy aloqalar markazi deb ataydi,” dedi u.
Shuningdek, Xitoy elchisi 2023 yilda Qobul va Pekin o‘rtasidagi savdo hajmi oldingi yilga nisbatan 125 foizga oshganini ham ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti afg‘on vakolatxonasini “Tolibon”ga topshirishdan bosh tortgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi