O‘zbekistonda 94 ta tuman va shahar aholisini kartoshka bilan ta’minlay olmayapti
Jamiyat
−
11 avgust 2023
7264Buxoro shahrida 11 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekistonda 94 ta tuman va shahar o‘z aholisining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondira olmayotgani masalasiga to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, suv resurslari yildan-yilga kamayib borayotgani ortidan ko‘plab mamlakatlar oziq-ovqat tanqisligi muammosiga uchramoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonda paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga aholiga dehqonchilik qilishi uchun 200 ming gektar yer maydonlari ajratilgan. Buning natijasida 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1,3 million nafari mavsumiy ish bilan ta’minlangan, 605 ming nafar (90 foiz) dehqonning daromadlari ko‘paygan. Shunga qaramay, bugungi kunda respublikada 94 ta tuman va shahar o‘z aholisini kartoshka bilan ta’minlay olmasligi, 62 tasi piyoz, 60 tasi sabzi, 84 tasi go‘sht, 139 tasi parranda go‘shti va tuxumni boshqa hududlardan olib kelishi ma’lum qilingan.
Hozirda o‘zini-o‘zi kartoshka bilan ta’minlaydigan tumanlar soni 112 taga yetgani, piyoz – 144 ta, sabzi – 146 ta tumanda aholining ehtiyojiga mos miqdorda yetkazib berilayotgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbarining Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi boshlangani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, Prezident Romitan tumanidagi “Qahramon” mahallasida bo‘lib, aholining yashash sharoiti bilan tanishdi.
LiveBarchasi