O‘zbekistonda 86 turdagi tovarlar uchun eksport boji joriy qilindi
Jamiyat
−
17 mart
4509O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan ayrim turdagi xomashyo tovarlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari joriy etiladi. Bu 14 mart kuni qabul qilingan “Mahsulotlarni eksport qilish tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, eksport tartib-taomillari Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtiriladi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya joriy qilinayotgan eksport bojxona bojlari samarasi bo‘yicha har chorakda tahlillar olib boradi.
Farmon bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab 86 turdagi quyidagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etildi va ularning stavkalari tasdiqlandi:
- Charm xomashyosi va yarim tayyor charm mahsuloti, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mato tovarlariga
(Amalda mazkur tovarlarni eksport qilish uchun uyushmalarning yig‘imlari belgilangan bo‘lib, endilikda ular bekor qilindi.) - Go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, don, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi, PET chiqindilar, rangli metall lom va chiqindilariga
(Amalda ushbu tovarlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatning qarorlari asosida ruxsat berilgan holda eksport qilish mumkin edi. Endi ushbu talablar bekor qilindi). - O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash sanoatini qo‘llab quvvatlash maqsadida respublikada ishlab chiqariladigan strategik xomashyo mahsulotlariga (tabiiy gaz, paxta tolasi, paxta linti, mineral o‘g‘itlar, polietilen, polipropilen, polisterol, polietilentereftalat, PVX, mis xomashyosi).
Qayd etilishicha, mazkur Farmon eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mahalliy xom ashyo asosida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi