O‘zbekistonda 750 ming dollarlik ekspeditsiya o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Joriy yilning yoz mavsumida butun dunyodan to‘plangan 30 kishidan iborat tadqiqotchi arxeologlardan tashkil etilgan guruh O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 16 mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norbayeva boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Qo‘shma Shtatlardagi diplomatik vakolatxona rahbarlari Amerikaning eng qadimgi ilmiy muassasalaridan biri bo‘lmish dunyodagi yetakchi tadqiqotchilar, olimlar va kashfiyotchilarni birlashtirgan tadqiqotchilar Klubining har yili o‘tkaziladigan 115-yig‘ilishida qatnashdi.

Ushbu tadbir odamning ilk bor Oyga chiqishining 50 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda dunyoning turli burchaklaridan 2 mingga yaqin mehmon, jumladan, Kanada Bosh vaziri, Portugaliyaning turizm bo‘yicha Davlat kotibi, “Apollon” missiyasining olti nafar astronavti, Xalqaro kosmik stansiyalarning kosmonavtlari, shuningdek, taniqli olimlar, tadqiqotchilar, yetkachi kompaniya rahbarlari hamda jahon shou-biznesining vakillari ishtirok etdi.

Tadbir dasturining eng asosiy marosimlaridan biri bu 2019 yilning yozida butun dunyodan to‘plangan 30 nafar yetakchi arxeologlardan iborat Klubning O‘zbekistonga ekspeditsiyasini e’lon qilishi bo‘ldi.

Maqsad — zamonaviy Qoraqalpog‘iston hududida kashf etilgan qadimiy Xorazmning poytaxtlaridan biri bo‘lgan “Bozor-qal’a” tarixiy qal’asini o‘rganishdir. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu majmua eramizdan avvalgi 6-4 asrlarga taaluqli. Tadqiqot davomida chet el olimlari o‘sha davrning madaniyati, mahalliy aholining madaniy xususiyatlarini, Ahamoniylar imperiyasi bilan siyosiy aloqalari, shuningdek, ko‘chmanchi turmush tarzidan o‘troqqa o‘tish jarayonini o‘rganadi. 

11 oktyabr kuni Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tadigan Klub a’zolarining kuzgi majlisida ekspeditsiya ishi to‘g‘risida hujjatli film taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Amerika tomonning ma’lumotlariga ko‘ra, ekspeditsiyaning byudjeti 750 ming AQSH dollarni tashkil etib, to‘liq yo‘naltirayotgan tomondan qoplanadi. Tadbirning bosh homiysi Yaponiyaning Infiniti kompaniyasidir. Ekspeditsiya ishida NASA’ning yuqori texnologiyalaridan foydalanilishi ko‘zda tutilgan.

Tadqiqotchilar klubi rahbariyati bilan muzokaralar davomida AQSHning yetakchi olim va tadqiqotchi ayollarining O‘zbekistonga tashrifi va “O‘zbekiston sehrli mamlakatiga Tadqiqotchilar klubi bilan borish uchun taklifnoma” televizion loyihasini AQSHning PBS telekanalida namoyish etish orqali bir yil davomida 114 million tomoshabinni qamrab olish masalalari muhokama etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston ekspeditsiya

Baholaganlar

11

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing