O‘zbekistonda 63 yashar pedofil 5 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yilning avgust oyida poytaxt Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 63 yoshli erkak 8 yashar qizning qarshiligiga qaramay, uni o‘pib, uyatsiz-buzuq harakat sodir etgani haqida xabarlar va tasvirlar tarqalgandi. Oradan 3 oy o‘tib, mo‘ysafidga sud hukmi o‘qilib, u 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida M.I. (1960 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, pensioner, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. 

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S. Abdug‘aniyev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq M.I. Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 6-qismi talabidan kelib chiqqan holda 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

“Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, deyiladi Obidov bergan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingandi.

Hukm bilan pedofil amaldorlar – Xorazm Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Quryazov Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

pedofil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing