O‘zbekistonda 6 nafar fuqaro 75 kg narkotik modda bilan ushlandi

Jamiyat

image

Xitoydan O‘zbekistonga pochta orqali yuborilgan 75 kilogramm pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati berdi.

Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda kuchli ta’sir qiluvchi pregabalin moddasini pochta jo‘natmalari orqali xorijdan olib kelish va qadoqlab sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. 

Xususan, 2 ta holatda Xitoydan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari ko‘zdan kechirilganda ularning ichida poliyetilen paketlarga solingan, oq rangli, kukunsimon, hidsiz moddalar borligi aniqlanib, ekspertizadan o‘tkazilgan. Natijada ushbu moddalarning sof og‘irligi 75 kilogramm 373 grammni tashkil etib, ular pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekanligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmalarni jinoiy guruh vakili qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zosi ham protsessual tartibda qo‘lga olingan. Ular tomonidan ijaraga olingan xonadonda esa kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan kichik laboratoriya borligi aniqlangan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida “Surxon” futbolchisi Rossiyada giyohvand modda bilan ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy pregabalin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing