O‘zbekistonda 500 ga yaqin ko‘p qavatli uy avariya holatida
Jamiyat
−
30 Oktabr 2019
6367O‘zbekistonda mavjud 35 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning 500 ga yaqini avariyaviy holatda. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hisobotida aytib o‘tilgan.
Kecha, 29 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatda ko‘p kvartirali uylarning holatini yaxshilash maqsadida Renovatsiya dasturini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Qurilish vazirliklarining axboroti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan respublikadagi mavjud 34 584 ta ko‘p qavatli uy-joy fondlari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xatlovdan o‘tkazilgan.
Xatlov natijasida, respublikadagi jami 34 584 ta uylarning aksariyati 1990 yillargacha qurilgan bo‘lib, ularning 18 627 tasi g‘ishtli, 14 643 tasi yirik panelli va 1 314 tasi boshqa konstruksiyali ekanligi aniqlangan. Shuningdek, uylarning 455 tasida avariya alomatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Renovatsiya dasturining asosiy maqsadi bu favqulodda holatlarning oldini olish va ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida eskirib qolgan ko‘p qavatli uylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish nazarda tutiladi. Unda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida uylarning yerto‘la va tom qismlarini teploizolyatsiya qilish, oynalarning zamonaviy romlarga almashtirish, 5 qavatli uylarga zaruratdan kelib chiqib tashqi liftlar o‘rnatish, uylarning fasad qismlarini shaharsozlik talablari asosida ta’mirlash, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor mexanizmlarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirish kabi masalalar rejalashtiriladi.
Tadbirda AQSH, Germaniya, Estoniya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlar tajribalari o‘rganilgani, renovatsiya, sanatsiya kabi yangi tizimlarni mamlakatda joriy etish yuzasidan deputatlar hamda tegishli vazirliklar mutaxassislari tomonidan bildirilgan fikrlar muhokama qilindi.
Parlament a’zolari tadbirda bildirilgan takliflar asosida aholi turmush sharoitini yaxshilash, munosib turar joy bilan ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, parlament nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish bo‘yicha kelgusida olib boriladigan ishlarni belgilab oldilar.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.