2,6 mln fuqaroning daromadi oshdi, kambag‘allik 4,5 foizga tushdi – Jamshid Qo‘chqorov
Jamiyat
−
16:37 729 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida 506 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtirildi, 2 million 616 ming nafar fuqaroning daromadi oshirildi. Bu haqda Bosh vazirning o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bugun, 25 avgustdagi Oliy majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida ma’lum qildi.
Majlisda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturining 2026 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida 2 756 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilgan. “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizga kamaygan. Kambag‘allik darajasi ham 4,5 foizga tushgan.
Shuningdek, 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirilgan. Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholining bandligi ta’minlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sish sur’ati 8,5 foizni tashkil etgan. YAIM hajmi esa 1 072,7 trillion so‘mga yetgan.
Hisobot davrida sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz, qishloq xo‘jaligida esa 4,7 foiz o‘sish qayd etilgan.
Davlat byudjeti xarajatlari 205,6 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 105,8 trillion so‘m ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan. Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 134 foizga ko‘p. Uning 26 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakat eksporti esa ilk bor 15,9 milliard dollarga yetgan.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash doirasida qariyb 37,8 mingta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etilgan. Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga qariyb 70 mingta biznes xizmati ko‘rsatilgan.
Live
Barchasi