O‘zbekistonda 5 ta yangi gaz koni ochildi
Jamiyat
−
22:07 464 2 daqiqa
O‘zbekistonda yil boshidan beshta yangi gaz koni ochildi, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingan. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3D seysmik razvedka ishlarining hajmi o‘tgan yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Yil boshidan beshta yangi gaz koni ochilgan, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingan.
Istiqbolli maydonlarni, ayniqsa Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarni o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish hamda mavjud quduqlar samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilingan.
Ushbu maqsadlarda burg‘ilash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, jarayonlarga zamonaviy texnologik yechimlarni olib kirish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli hozirda Ustyurt hududida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni burg‘ilash, geofizik ma’lumotlarni qayta tahlil qilish hamda gaz qazib olish samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy natijalari ham tahlil qilingan. Joriy yilning to‘qqiz oyi yakuni bilan korxonalarning jamlangan sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan, kredit portfelini maqbullashtirish natijasida esa qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.
Taqdimot doirasida gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirishga doir loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unda yangi magistral gaz quvurlarini qurish, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish kabi tadbirlar qamrab olinadi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish, gaz yetkazib berish barqarorligini oshirish hamda yiliga 125 million kub metr gaz tejash imkonini beradi. Shu munosabat bilan ularni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilgan.
Taqdimotda “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu ishlarga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, hozirda maxsus texnika va uskunalar ish joyiga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Avariyani bartaraf etish jarayonining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash eng muhim masalalardan biri ekanligi qayd etilgan.