Mo‘ynoqda sizib chiqqan katta bosimdagi gaz 1 oyda jilovlandi
3-sahifa
−
26 avgust 7859 3 daqiqa
Avvalroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Muynoq” konida gaz sizib chiqqani haqida xabar bergan edik. Favqulodda holatdan 1 oy o‘tib, kondagi gaz jilovlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, sodir bo‘lgan gaz otqinini bartaraf etish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan kechayu-kunduz ish olib boruvchi tezkor Shtab tashkil qilinib, tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Ochiq favvoralarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xarbiylashtirilgan qism, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa mas’ul mutasaddi tashkilotlarning hududiy boshqarmalari hamda mahalliy hokimlikning mutaxassislari jalb qilingan.
Maxsus shtab tomonidan gaz otqinini bartaraf etishga qaratilgan tezkor “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan va ishlar bosqichma-bosqich hamkor tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilgan.
Bildirilishicha, bugungi kun holatiga ko‘ra, “yo‘l xaritasi”dagi barcha ishlar malakali mahalliy mutaxassislar hamda maxsus texnika vositalari yordamida muvaffaqiyatli bajarilib, quduqni boshqarish imkoni yaratilgan.
Xabarda aytilishicha, quduq turli baxtsiz hodisalar, talofatlarsiz jilovlangan. Murakkab sharoitdagi quduqni yopish ishlarini muvaffaqiyatli bajargani uchun 200 nafar ishchiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu hodisa joriy yilning 26 iyul kuni sodir bo‘lgan. Mo‘ynoq tumanining “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatilgan. Bu quduq – ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib borgan. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidlagandi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgan. Keyinroq esa hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgani ma’lum bo‘ldi. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. 17 sentyabr kuni ham soat 16:00 larda konga qarashli 604-son quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr