Toshkentda 5 kun ichida koronavirusni davolovchi shifoxona foydalanishga topshiriladi
Jamiyat
−
26 mart 2020
27852Toshkentda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan 3 ta yangi shifoxona quriladi. Ulardan birinchisi 5 kun ichida foydalanishga topshiriladi.
Shifoxonalardan birinchi Toshkent shahri, Chilonzor tumanining Arnasoy ko‘chasida barpo etilmoqda. Ko‘p tarmoqli shifoxona uchun aholi turar joylaridan ancha uzoqlikdagi hudud tanlangan. Ayni damda qurilish ishlari bilan bir qatorda shifoxonani eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash ishlari ham olib borilmoqda. Bino atrofi o‘rab olinadi, u doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi.
Yana ikki shifoxona Toshkent viloyatining Zangiota va Yuqorichirchiq tumanlarida barpo etilmoqda. Yuqorichirchiq tumanida ish qizg‘in. Qayd etilishicha, ayni vaqtda kommunikatsiya tarmoqlari – gaz, suv, elektr energiyasini tortib borish ishlari olib borilmoqda. Tez orada charter reys bilan xorijdan O‘zbekistonga olib kelinayotgan vatandoshlar aynan shu shifoxonaga joylashtiriladi.
Maxsus shifoxona Toshkent shahridan 25 km uzoqlikda bo‘lgan hududda, 53 gektar maydonga qurilyapti. Bu yerda karantin hududi va shifoxona alohida bo‘ladi. Mataxassislarga ko‘ra, bugunning o‘zida karatinga olinuvchi shaxslarni qabul qilishga mo‘ljallangan 500 ta konteyner olib kelingan. Ularning har birida 3 kishining yashashiga sharoit yaratiladi. Karantin hudida va shifoxona o‘rtasidagi masofa 150 metrni tashkil etadi.
Karantin hududidagi konteynerlarga televizor, isitish va sovutish moslamalari o‘rnatiladi. Karantinga olinganlar orasida 14 kun muddatda kasallik belgilari aniqlansa, ular shu yerdagi shifoxonaga olib o‘tiladi.
Zangiota tumanida qurilayotgan 2 ta blokdan iborat bino loyihasi esa 3 kun ichida ishlab chiqilgan. Loyihada 100 o‘ringa mo‘ljallangan shifokorlar yashash bo‘limlari, yordamchi binolar, jonlantirish bo‘limlari, karantinda saqlanadigan bemorlar bo‘limi e’tiborga olingan. Loyiha smetasi Sog‘liq saqlash tizimi mutaxassislari takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bemorlar soni 60 nafarga yetdi. Ayni vaqtda mamlakatda qariyb 30 ming kishi karantinga olingan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi