Germaniya Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanmoqda – “Bloomberg“

Olam

image

Germaniyada Rossiyaning NATO davlatlaridan biriga hujum qilishi ehtimoliga qarshi shifoxonalar minglab yarador harbiylarni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Germaniya davlat idoralari mamlakat infratuzilmasi va sog‘liqni saqlash tizimining urush sharoitida ishlash imkoniyatlarini tekshirmoqda.

Germaniya armiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya NATOga hujum qilgan taqdirda Germaniyaga har kuni ming nafargacha yaralangan harbiy xizmatchi olib kelinishi mumkin. Mamlakatdagi 5 ta harbiy gospital bunday yuklamani ko‘tara olmaydi. Shu sababli fuqarolik shifoxonalari ham yaradorlarga yordam ko‘rsatishga tayyorlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hukumat oldida turgan vazifalar qatorida yetarli miqdorda shifoxona o‘rinlarini topish, tibbiy buyumlar yetkazib berish zanjirini mustahkamlash hamda harbiy gospitallar va fuqarolik shifoxonalari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash bor.

Shuningdek, kadrlar masalasi ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Hozir Germaniyada atigi bir necha yuz nafar shifokor jangovor jarohatlar va o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohatlarni davolash tajribasiga ega. Shu sababli fuqarolik jarrohlari uchun maxsus kurslar tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, tibbiyot sohasi bilan bog‘liq xususiy kompaniyalar ham xodimlarining zaxiradagi harbiy xizmatchi yoki ko‘ngilli sifatida xizmatga chaqirilishidan xavotirda. Ayrim hududlarda bu xodimlarning 20 foizigacha bo‘lishi mumkin.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius avvalroq Rossiya 2029 yilda NATO bilan urush boshlashi mumkinligini aytgan. Ayrim tahlilchilar esa urush bundan ham oldin sodir bo‘lishi mumkinligini bildirgan. “Bloomberg“ning yozishicha, bunday holatda Germaniya alyansni himoya qilishda ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Mamlakatning geografik joylashuvi sababli Germaniya harbiy xizmatchilar uchun asosiy tranzit markazlardan biriga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing