O‘zbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni tugatildi (video)
Jamiyat
−
31 Oktabr 2025 3073 2 daqiqa
O‘zbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni tugatilib, yerlar tabiatga qaytarildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan respublika bo‘ylab qator hududlarda chiqindi poligonlarini qisqartirish bilan bog‘liq ishlar olib borilgan.
Jumladan, O‘zbekistonda 2024 yil hamda 2025 yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi jami 47 ta maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilingan hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirilgan.
2024 yil hisobi quyidagicha:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta (11 gektar);
- Andijon viloyatida 6 ta (14,90 ga);
- Buxoro viloyatida 1 ta (0,50 ga);
- Qashqadaryo viloyatida 5 ta (19,15 ga);
- Namangan viloyatida 3 ta (5,38 ga);
- Samarqand viloyatida 1 ta (2,40 ga);
- Toshkent viloyatida 3 ta (9,58 ga);
- Farg‘ona viloyatida 6 ta (17,11 ga)
- Xorazm viloyatida 1 ta (1 ga).
2025 yilda esa respublika miqyosida jami 18 ta (81,68 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonida rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari rejalashtirilgan va ayni paytda ularda ishlar yakuniga yetgan.
Shu o‘rinda, jami 185 ta (1446,04 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonidan 47 tasida rekultivatsiya qilish hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, respublika bo‘yicha jami 42 ta chiqindi to‘plash poligoni faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarilgan.
Eslatib o‘tmiz, avvalroq Samarqand viloyatining Samarqand shahrida ilk bor yerosti chiqindi saqlovchi maxsus qutilar majmuasi ishga tushirilgandi.