O‘zbekistonda 4 yilda bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha 445 ta ish qo‘zg‘atilgan – deputat (video)
Jamiyat
−
15:27 468 5 daqiqa
O‘zbekistonda 4 yilda 14 yoshga to‘lmagan bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha 445 ta ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning nomusiga tegish bo‘yicha 2022 yilda 85 ta, 2023 yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta, 2025 yilda 123 ta – to‘rt yil ichida 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Deputat ushbu statistikani keltirib, “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi asosida kiritilgan – bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining mazmuniga to‘xtalgan.
Uning bildirishicha, qonun loyihasida 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilmoqda.
Ikkinchidan, qonun loyihasida bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi sababli javobgarlikdan va jazoni ijro etish muddati o‘tganligi bois jazodan ozod qilinmasligi qat’iy belgilanmoqda. Bu orqali bola hayotiga tajovuz qilgan og‘ir qilmishlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar kuchaytirilmoqda.
“Uchinchidan, bolalarni himoya qilish faqat jinoyat sodir etilgandan keyin jazo tayinlash bilan cheklanmaydi. Zo‘ravonlikni oldini olish, jabrlangan bolaning huquqlarini ta’minlash va uning manfaatlarini tergov hamda sud jarayonlarida himoya qilish ham birdek muhimdir. Shu maqsadda zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayoni videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini yuzlashtirishni maxsus tartib asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Bolaga yaqin shaxslar tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan holatlarda esa jinoyat ishini sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda”, deydi deputat.
Uning bildirishicha, to‘rtinchidan, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etilmoqda. Bu bolalarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning moddiy imkoniyatlaridan qat’i nazar, malakali yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Beshinchidan, voyaga yetmaganga nisbatan qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.
Oltinchidan, hujjatda bolalarning xavfsizligi uchun ota-ona va ta’lim muassasalari xodimlarining mas’uliyati ham alohida belgilanmoqda. Bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, shahvoniy shilqimlik qilish va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya jarayonida pedagog tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda esa mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun huquqiy asos yaratish ham taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash ham nazarda tutilgan.
“Asosiysi, zo‘ravonlikka uchragan bola yordam so‘rash uchun idorama-idora yugurmasligi, o‘z boshidan kechirgan dahshatli voqeani qayta-qayta so‘zlab berishga majbur bo‘lmasligi kerak. Aksincha, davlatning o‘zi uning oldiga borishi kerak. Unga yordam qo‘lini cho‘zishi, huquqlari va xavfsizligini ta’minlashi shart. Xorijiy tajriba o‘rganish maqsadida Daniya, Xorvatiya, Shvetsiya, Shveysariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Gruziya va Ozarbayjon davlatlarining qonunchiligi o‘rganib chiqildi”, deydi Gulruh Agzamova.
Uning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab qilmaydi. Qonun loyihasi belgilangan tartibda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Milliy gvardiya, bola huquqlari bo‘yicha vakil, Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan kelishilgan.
Namangandagi bog‘chada fojia
Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namanganda qizaloqqa qilingan zo‘ravonlik ortidan hodisaga munosabat bildirib, bolalar taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan edi.
Live
Barchasi