O‘zbekistonda 4 mingga yaqin ota-onaga ma’muriy chora ko‘rildi
Jamiyat
−
12 mart
5046O‘zbekistondagi maktablarda joriy yilning 6-8 fevral kunlari 188 ming o‘quvchi sababsiz dars qoldirgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov ma’lum qildi.
Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligida joriy yilning 6-8 fevral kunlari dastlabki o‘rganish ishlari natijasida darslarga sababsiz 188 000 o‘quvchi kelmagani aniqlangan.
Bildirilishicha, kasallik bahonasi bilan darsga qatnashmaslik holatlari ham o‘rganilmoqda. Birgina Qashqadaryo viloyatida o‘tgan haftada kasal deb belgilangan o‘quvchilarning uylariga borib o‘rganilganda, 50 ta holatda o‘quvchining kasal emasligi, aksincha sababsiz darsga kelmagani aniqlangan. O‘quvchilarning barchasi darslarga qaytarilib, ota-onalariga ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan. Bu kabi holatlar respublikaning barcha hududlarida qayd etilgan.
Shu bois, ta’lim-tarbiya borasidagi majburiyatlarni bajarmagan 124 ming nafar ota-onalar rasmiy ogohlantirilib, ularning to‘rt mingga yaqiniga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra ma’muriy chora ko‘rilgan.
Davron Jumanazarovning aytishicha, joriy yilning 6 fevral kunidan 7 mart kuniga qadar yangi tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida 1 mln 769 ming nafar o‘quvchi maktablarga qaytarilgan. Hozirda respublika bo‘yicha davomat 97,7 foizga yetgan.
Shuningdek, so‘nggi haftada respublika bo‘yicha 6 ta turli holatlarda maktablarga begonalar kirishining oldi olingan. Barcha holatlar bo‘yicha aybdor shaxslarga qonunchilikda belgilangan jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
LiveBarchasi