Toshkentdagi maktabda janjal ko‘targan direktor, o‘qituvchi va ota-ona jazolandi

3-sahifa

image

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 213-maktabda janjal ko‘targan direktor, o‘qituvchi va o‘quvchining onasi jarimaga tortildi. Ota esa 10 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud qarori bilan tanishdi.

Hujjatda qayd etilishicha, joriy yilning 7 aprel kuni soat 15:00 da F.Q. va X.K. Mirobod tumanidagi 213-sonli maktab binosining direktor xonasida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan baqir-chaqir qilib, maktab direktori S.I.ni haqoratlab, mayda bezorilik sodir qilgan hamda IIO xodimining huquqbuzarlik xatti-harakatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan. 

Aniqlanishicha, F.Q.ga nisbatan oldin ham IIO xodimining qonuniy talabini bajarmagani uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Maktab direktori S.I. ham xizmat xonasida F.Q.ning xatti-harakatiga javoban uni haqorat qilib, sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan. Shuningdek, maktab o‘qituvchisi N.R. ham o‘zi faoliyat yuritib kelayotgan maktabning sobiq o‘quvchisi F.K.ning o‘rtog‘iga F.K.ning xulqi haqida gapirib, u va uning oilasi haqida haqoratli so‘zlarni aytib, F.Q. va uning oila a’zolarining sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.   

Joriy yilning 9 aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi binosida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida o‘quvchining otasi F.Q. ko‘rsatma bergan. Unga ko‘ra, maktab direktori boshqa o‘quvchilarni ogohlantirib, uning o‘g‘li A. psixotrop modda sotib yurganini aytgan va undan uzoq yurishini so‘ragan. Maktab direktori esa sudda o‘quvchining boshqa maktabga o‘tganini va o‘sha kuni unga yomon bolalarga qo‘shilib ketmasligi haqida tanbeh berganini bildirgan. Shuningdek, o‘quvchining sobiq sinf rahbari N.R. o‘quvchining ota-onasini haqorat qilganini tan olgan va suddan yengillik so‘ragan.

Sud qaroriga ko‘ra, F.Q. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasiga asosan uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, X.K. 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga BHMning 3 baravari miqdorida (1 mln 125 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Maktab direktori S.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida (Haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga BHMning 2 baravari miqdorida (750 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan. Shu kabi maktab o‘qituvchisi N.R. ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida (Haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga ham BHMning 2 baravari miqdorida (750 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 45-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi tomonidan kaltaklangan edi. O‘quvchiga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga nisbatan mehnat qonunchiligi asosida maktab direktori tomonidan intizomiy jazo chorasi qo‘llash uchun tuman yuridik markaziga buyruq loyihasi kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent janjal o'qituvchi Mirobod ota-ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing