O‘zbekistonda 2028 yildan pensiya yoshi oshirilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2028 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida ishtiroki hamda pensiya to‘lovi davri o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash maqsadida, shuningdek, aholining umr ko‘rish darajasi o‘sishini inobatga olgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

  • 2027 yil 1 yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish;
  • 2028 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish.

Shu bilan birga farmon bilan pensiya yoshini oshirish davrida pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarga quyidagilar kafolatlanishi belgilanadi:

  • pensiyaoldi yoshini vaj qilgan holda ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga 2 yil avval muddatdan oldin pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
  • yerosti ishlarida, mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda mehnat to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan erkaklarga 50-55 yosh hamda ayollarga 45-50 yoshdan qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
  • pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash imtiyozlari saqlab qolinadi;
  • erkaklarga 60 yoshdan va ayollarga 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqi beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Soliq kodeksiga mazkur farmondan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi joriy yil 30 sentyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi” qonunning 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekistonda pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashitirilayotgani haqida aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing