O‘zbekistonda 2 bloger “o‘tirib chiqqach”, faoliyatini yakunladi
Jamiyat
−
05 iyun 2023
15123Bugun, 5 iyun kuni Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi “Nasafnews.uz” internet-nashri o‘z faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Shuningdek, ushbu nashr rahbari hamda “Kapitan Karimov” blogi asoschisi Umid Karimov blog faoliyatini ortiq yurita olmasligini ma’lum qildi.
Biz “Kapitan Karimov” va “Nasafnews.uz” faoliyatini tugatishni rejalashtirganmiz. Buning sabablari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimasman. Bizni qo‘llab-quvvatlagan, ishonch bildirgan hammaga rahmat”, deyiladi kanalda.
Bundan tashqari, yana ikki nafar qashqadaryolik blogerlar – Otabek Ortiqov hamda “AvtoblogUZ” muallifi Maqsud Muzaffarov faoliyatini tugatganini ma’lum qildi.
“Hurmatli blogim kuzatuvchilari bugundan boshlab men blogerlik faoliyatimni butunlay yakunlashga qaror qildim, sabablari ahamiyatsiz, shunchaki barcha tarmoqlardan ketishni va oddiy hamda sokin hayot kechirishni istayman. Men blogimdan moddiy daromad topib boyib ketganim yo‘q, mashhurlikning ketidan quvganim ham yo‘q va mashhur ham emasman. Shunchaki bu xobbi orqali odamlarni oz bo‘lsada, muammolarini yechishni, qonunga tupurganlarni junini yulishni istagan edim. Nima topdik, nima yo‘qotdik – buni bilmayman, bilganim sizlar bilan o‘tgan vaqtimga achinmayman. 4 yil davomida men bilan bo‘lgan barchaga katta rahmat. Sizlarni sevaman. Hayot esa davom etaveradi...”, deya so‘zini yakunlagan bloger.
Shuningdek, “AvtoblogUZ” muallifi Maqsud Muzaffarov ham avtoblogerlik faoliyatini tugatishga qaror qilganini, ota-onasining istak-xohishi hamma narsadan muhimligini qayd etgan.
“Men bilan shu vaqtgacha yelkama-yelka turgan barchaga rahmat”, deya so‘zini tugatgan Muzaffarov.
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu voqealar oxirgi vaqtlarda qashqadaryolik blogerlar bilan yuz berayotgan holatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, oxirgi kunlarda Qashqadaryoda blogerlarning qamalishi avj oldi.
Qashqadaryolik blogerlarning qamalishi
Jumladan, “AvtoblogUZ” Telegram-kanali asoschisi Maqsud Muzaffarov hamda qashqadaryolik yana bir taniqli bloger Umid Karimov (“Kapitan Karimov”) Ichki ishlar xodimlari bilan tortishgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holatga nisbatan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi izoh berib, janjal rostdan yuz berganini tasdiqlagan.
Viloyat IIBning iddao qilishicha, shu yilning 29 may kuni Shahrisabz shahrida IIB YHXB xodimlari 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalariga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari (yuqorida ismlari keltirilgan blogerlar nazarda tutilmoqda) ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratgan.
Shundan so‘ng blogerlarning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
O‘lasi qilib do‘pposlangan bloger
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi bloger Elmurod Odilovga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi. Xo‘sh, voqea qanday boshlangandi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini bloger deb tanishtirgan Elmurod Odilov Yakkabog‘ tumani “Ibn Sino” mahallasida joylashgan pilla mahsulotini saqlash omborxonasiga borgan.
Viloyat IIBning bayonotiga ko‘ra, bloger shu yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan hamda ushbu jarayonda bloger fermerlarni haqorat qilgan.
Shundan so‘ng pilla yetishtiruvchi fermerlar Odilovning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.
Blogerga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 198-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborilgan. Unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Qamoqni o‘tayotgan bloger O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatinining advokatiga sudga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytib o‘tgan.
LiveBarchasi