O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini 16 yoshdan berish taklif qilinmoqda
Jamiyat
−
19 Oktabr 2020
26951O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun belgilangan 18 yosh chekloviga o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda. Taklif “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirildi.
Murojaatda mamlakatda O‘zbekistonda o‘n olti yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish kerakligi aytilmoqda.
“Aksariyat xorijiy davlatlarda avtomobil boshqarishga o‘n olti yoshdan ruxsat berilgan. Bu orqali maktabning katta sinf o‘quvchilarini ish bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi. Agar o‘quvchilarning bandligini taminlasak, ular orasidagi jinoyatchilikni kamaytirishga ham erishamiz.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekistonda o‘n olti yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berishni taklif qilamiz”, deyiladi jamoaviy murojaatda.
Ushbu murojaatga munosabat bildirayotganlarning asosiy qismi uni rad etib, bu ahmoqxona taklif ekanini bildirmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish tartibi quyidagicha:
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olishni istagan shaxslar maxsus ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq ta’lim olishlari shart.
Imtihonlar doimiy yoki vaqtinchalik turar joylaridagi, majburiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar tomonidan esa – xizmat joylaridagi hududiy YHXBning RvaIOBlarida topshiriladi. Favqulodda holatlar yuz bergan vaqtda, o‘quv tashkilotlari imtihon olish joylaridan uzoq masofada joylashgan hududlarda va h.k., istisno tariqasida, imtihonlar qabul qilish joyi yoki muddati YHXB rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
O‘quv muddati yakunida:
“A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 16 yoshga;
“B” va (yoki) “C” toifadagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 18 yoshga;
“D” toifadagi avtotransport vositalarini, tramvay va trolleybuslarni boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 21 yoshga to‘lgan shaxslarga hududiy YHXBning RvaIOBda imtihonlar topshirishga ruxsat etiladi.
Istisno: Mudofaa vazirligi tomonidan avtomototransport vositalari haydovchilari mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga jalb etilgan chaqiriluvchilarga o‘qishni tugatganlaridan so‘ng, 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsalar-da, hududiy YHXBda imtihonlarni topshirishlariga ruxsat beriladi. Ularga nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng tegishli toifadagi (“V” va (yoki) “S”) avtotransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi. Bunda “Alohida belgilar uchun” joyida uning egasi qaysi muddatdan (18 yoshga to‘lganidan keyin) avtotransport vositasini boshqarish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatiladi.
Avval – nazariy imtihon, so‘ng amaliy imtihon o‘tkaziladi. Nazariy imtihonlarni topshira olmagan shaxslar amaliy imtihonlarga qo‘yilmaydi. Imtihonlarni qabul qilish va “A”, “V”, “S”, “D”, “VE”, “SE”, “DE” toifadagi avtomototransport vositalarini, shuningdek, tramvay, trolleybuslarni boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomalarni berish hududiy YHXBning RvaIOBlari tomonidan amalga oshiriladi.
Guvohnomani olish uchun haydovchilikka nomzodlar hududiy YHXBning RvaIOBlariga tasdiqlangan hujjatlar ro‘yxatini taqdim etishlari lozim.
Nazariy va amaliy imtihonlarni topshirgan shaxslarga imzolangan bayonnoma asosida milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi. Guvohnoma uni qayd etish kitobiga seriyasi va tartib raqamining o‘sishi bo‘yicha kiritiladi hamda imtihon varaqasiga qayd etiladi. Haydovchilik guvohnomasidagi yozuvlar maxsus texnik vositalarda chop etiladi.
Guvohnoma faqat uning egasiga beriladi va ishonchnoma bilan berilmaydi. U pasportini yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni ko‘rsatib, haydovchilik guvohnomasi beriladigan kitobga shaxsan imzo qo‘yadi.
LiveBarchasi