O‘zbekistonda Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etiladi
Jamiyat
−
09 iyun 3692 1 daqiqa
O‘zbekistonda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi negizida Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov “Axborot 24” dasturida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, kecha, 8 iyun kuni Prezident havo hujumidan mudofaa tizimlari, yuqori aniqlikdagi qurollar va harbiy aviatsiyani samarali qo‘llash bo‘yicha farmonni imzolagan. Mazkur hujjatga ko‘ra, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi negizida Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori aniqlikdagi qurollarga ega aviatsiya texnikalari, uchuvchisiz aviatsiya komplekslari bilan qurollangan yangi bo‘linmalarni tashkil etish orqali harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mudofaa vaziriga ko‘ra, ushbu farmon harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining jangovar imkoniyatlarining ikki barobar oshishiga, shuningdek, muhim va strategik ob’ektlarni havo zarbalaridan himoyalash qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilgandi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgartirilishi ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi