O‘zbekistonda har to‘rtinchi ayol oilada musht yeydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda har to‘rtinchi ayol oilaviy hayotida zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Ularning ayrimlari uchun esa bu allaqachon odatiy holatga aylanib ulgurgan. Bu “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘lmoqda. 

Institut tomonidan respublikaning 6 ta hududi, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida yashovchi 800 nafar ayol o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Malum qilinishicha, tadqiqotga jalb qilingan xotin qizlarning 440 nafari shaharda, 357 nafar qishloq joylarda istiqomat qiladi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ayollarning 60 foizga yaqini turmush hayotida zo‘ravonlikka duch kelmaganini qayd etgan bo‘lsa, qolgan 40 foizi kamsitish va zug‘um o‘tkazilayotganini bayon qilgan. Har to‘rtinchi ayol ba’zi hollarda zo‘ravonlikka duch kelishini, 7 foiz ayol esa bu odatiy hol ekanligini ta’kidlagan.

Respondentlarning 75 foizdan ko‘prog‘i ma’lum bir vaziyatlarda huquqiy bilimlarining yetarli emasligini his qilgan. Bunda quyidagi masalalar o‘rin olgan:

•  22,7% bank va moliyaviy masalalarda;
•  20,6% ish joyidagi muayyan holatlarda;
•  19,7% uy-joy bilan bog‘liq muammolar.

“Bu holat ular orasida huquqiy savodxonlik darajasi o‘rta darajadan ancha past ekanligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi institut hisobotida.

So‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlar quyidagi ma’lumot darajasiga ega:

•  32,3% (257 nafari) oliy;
•  49% (390 nafari) o‘rta;
•  17,2% (137 nafari) o‘rta-maxsus;
•  1,3% (13 nafari) esa to‘liqsiz o‘rta ma’lumot.

Respondentlarning 73,8 foizi turli sohalarda ishlaydi, 26,2 foizi esa ishsiz.

Bundan tashqari, so‘rovnomada ishtirok etgan 89 foiz farzandli ayollar o‘z bolalarining tarbiyasida huquqiy bilimlarga alohida e’tibor qaratadi. 57 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi doimiy ravishda farzandlariga huquqiy tarbiyani berib borishga intiladi. 40 foizga yaqini ayrim hollarda huquqiy tarbiya bilan shug‘ullanadi. Farzandlariga qonun va huquq borasida ta’lim-tarbiya bera olmayotgan ayollar soni esa 5 foizga teng.

Qolaversa, ularning qonun, huquq va burch borasidagi tasavvurlari ham tekshirib ko‘rilgan.

Javoblarga ko‘ra, ayollarning:
•  61,0% uchun qonun — tartib;
•  53,8% uchun qonun — adolat;
•  37,9% uchun qonun — himoya;
•  15,4% uchun qonun — xalqni boshqarish usuli;
•  12,1% uchun qonun — hayot kafolati.

Ayollarning huquqiy savodxonligini tekshirish maqsadida berilgan savollarga olingan javoblarning umumiy to‘g‘rilik darajasi 43,7 foizni tashkil etmoqda. Bu holat ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi o‘rta darajadan ancha past ekanini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021 yilning 9 oyida 29 541 ta ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan va ularga himoya orderi berilgan. Oiladagi mojarolarni tashqariga chiqarmay deb, tazyiqqa uchrayotganini yashirib yurganlar ham oz emas. Zo‘ravonlik nafaqat jabrlanuvchiga, balki ota, farzand, aka-uka yoki opa-singil, butun jamiyatga va bizning uzoq muddatli kelajagimizga ham ta’sir qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

ayol zo'ravonlik zo'ravonlik qurboni

Baholaganlar

108

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing