O‘zbek robotexnigi xalqaro musobaqada oltin medal yutdi
Texnologiya
−
20 dekabr 2019
4996O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi xalqaro robotexnika musobaqasida birinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi xodimlari boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 15-20 dekabr kunlari Chiangmay (Tailand) shahrida bo‘lib o‘tgan “The 21th International Robot Olympiad 2019” xalqaro robototexnika olimpiadasida ishtirok etdi.
Ma’lumki, Robotlar sohasiga qiziquvchi yoshlarning iqtidorlarini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan International Robot Olympiad Committee (IROC) tomonidan 1999 yildan buyon har yili tashkil etiladigan musobaqalarda dunyo bo‘ylab 50 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari jalb etilib kelmoqda. Galdagi musobaqaga mezbonlik qilgan Tailand shahrida 20 dan ortiq davlatlardan kelgan mingdan ortiq ishtirokchi o‘z bilim va iqtidorini namoyish etdi.
Musobaqa qo‘yidagi yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tdi:
Tag-Out — bu yo‘nalishda raqiblar o‘zlari yaratgan robotlarini belgilangan to‘siqlarga tegmagan holda harakatlantirib, bir-birlarini o‘yin maydonchasidan tezroq siqib chiqarishga harakat qilishadi. Bunda qatnashchilardan strategik tahlil qila olish qobiliyati va o‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadi.
MissionChallenge — sirli vazifa hisoblanib, uning shartlari faqat musobaqa boshlangan vaqtda e’lon qilinadi. Bunday holatda yoshlarning robototexnika bo‘yicha olgan bilimlarini kutilmagan vaziyatlarda qo‘llay olishlari sinovdan o‘tkazildi.
Tag-Outjunior yo‘nalishida 14 ta davlatdan ishtirokchilar qatnashib, ular orasidan o‘zbekistonlik Firdavs Rajabov 1-o‘rinni, Shahboz Shavkatov 2-o‘rinni egalladi.
“Creativity” yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi sohasida foydalaniladigan robot yaratib, Behruz Berdiyev , Humoyun Haydarov, Shavkat Ibrohimov 3-o‘rinni, Line-following yo‘nalishida Shahboz Rajabov, Azizbek Shokirov 3-o‘rinni egalladi. Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz ishtirokchilari umumiy hisobda 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.