O‘zbekiston yordami bilan Qirg‘izistonda 200 o‘rinli shifoxona qurildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib qaytdi. Delegatsiya Botken viloyati Qadamjoy Markaziy tuman kasalxonasida bo‘ldi. U yerda Qirg‘iziston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev va Qirg‘iziston hukumatining boshqa vakillari ishtirokida shifoxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.  Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ikki tomonlama muloqotlar davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, shu jumladan, COVID-19 ga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, tomonlar yuqumli kasalliklarni davolash, tashxislash va oldini olish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgan. 

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilishi, uning jihozlanishida ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak va taqdim etilayotgan gumanitar yordam uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirgan. Shuningdek, pandemiya davrida moliyaviy imkoniyatlar hamda davolash muassasalarida shifo-o‘rinlari yetishmayotgan shunday murakkab sharoitda o‘zbekistonliklarning ushbu ko‘magi yuqori baholanishini aytib o‘tgan. 

Qayd etilishicha, zamonaviy shifoxona qurilishi va jihozlanishi to‘liq O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilgan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri COVID-19 ga qarshi kurashish doirasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni ham alohida e’tirof etgan. O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov O‘zbekiston tomoni tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini, shuningdek, butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi Qirg‘iziston xalqi bilan birgalikda kurashishga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Talant Mamitov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘izistonda ikkita modullik yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilgani munosabati bilan minnatdorlik bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

83

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing